22 Noyabr 2024 Yil 368

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar bilan ishlash tizimi

       Toshkent shahar IIBB Post-patrul xizmati va Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tarkibiy tuzilmalarining biri – Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi ko‘p yillik tajribaga ega.  Markazga olib kelinadigan shaxslar haqida uning nomi aytib turibdi, xo‘sh uning faoliyati nimalardan iborat va bu kimsalarning shaxsini, yashash joyini, orasida jinoyatchi va qidiruvda bo‘lganlarni aniqlash borasida qanday ishlar amalga oshiriladi?  Hayot, taqdir zarbalaridan hech qim qochib qutula olmaydi va kafolatlanmagan. Zotan, inson turli vaziyatlar qurboni bo‘lish ehtimolidan holi emas. Mazkur Markazga poytaxt hududida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan (bundan keyingi matnlarda MYAJEBSH) yoki yaqin qarindoshlari tomonidan tashlab ketilgan yoxud yashash joyidan chiqarib yuborilgan shaxslar sudning ajrimi yoki Ijtimoiy himoya agentligining qaroriga asosan joylashtiriladi. Taʼkidlash joizki, Markaz kechayu kunduz faoliyat yuritadi. MYAJEBSHlar Markaz navbatchisi tomonidan qabul qilinib, ularning fotosuratlari va barmoq izlari olinib, ro‘yxatga qo‘yilgach, yig‘majildlari yuritiladi. Tibbiy va  shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilib, buyumlari ko‘zdan kechirilib, dezinfeksiya qilinadi. Saqlanishi, tarqatilishi, isteʼmoli, foydalanishi taʼqiqlangan ashyolar va oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


      MYAJEB shaxslarning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar organlarining axborot markazlari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda  ekspert-kriminalistika xizmatlarining elektron axborot bazalari orqali tekshiriladi. Shaxsini aniqlovchi maʼlumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda, ularning o‘zi haqida bergan tushuntirishlardan kelib chiqib, ular yashagan joylardagi tuman (shahar) ichki ishlar organlariga fotosuratlari ilova qilingan so‘rovnomalar yuboriladi.


     MYAJEB shaxslar orasida chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan  shaxslar aniqlansa, ular qabul  qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay, belgilangan tartibda aniqlash anketalari to‘ldirilib, tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga so‘rovnomalar yuboriladi.


     MYAJEB shaxslarning jinoyatga aloqadorligi, ularga nisbatan qidiruv eʼlon qilinganligini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar markazning tezkor xodimlari tomonidan amalga oshirilib, bundaylar aniqlangan taqdirda  zudlik bilan tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organlariga xabar beriladi. MYAJEBlarning shaxsi aniqlanib, doimiy yashash joylariga jo‘natilayotganda, reabilitatsiya markazi navbatchisi tomonidan ular markazda saqlanganligi to‘g‘risida maʼlumotnoma beriladi.


       Shuningdek, sog‘lom va mehnatga layoqatli 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar mahalliy ijro hokimiyati, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish, bandlik va mehnat munosabatlari organlari bilan hamkorlikda bandligini taʼminlash ishlarini olib boradi.


      Yashash joyida boquvchisi va qarovchisi bo‘lmagan 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar belgilangan tartibda tegishli ichki ishlar organlari tomonidan  sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga joylashtiriladi.  Tibbiy davolanishga muhtoj shaxslar tegishli tuman (shahar) sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda belgilangan tartibda davolash-profilaktika muassasalariga yuboriladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech