23 Aprel 2024 Yil 2367

Nima uchun «Mening Inspektorim» ilovasini poytaxtimizning har bir fuqarosi o‘rnatishi kerak?

Hozirda tuman profilaktika inspektorlari fuqarolarning xonadonlariga borib, ularga Toshkent shahar IIBBning “Mening Inspektorim” mobil ilovasining afzalliklarini tushuntirgan holda, smartfonlariga yuklab olishda ko‘maklashmoqdalar. Ushbu dastur nima uchun yaratilgan, uning xususiyatlari va undan foydalanishning afzalliklari nimada?

“Mening Inspektorim” ilovasi fuqarolarga bir qator qulayliklarni taqdim etadi, jumladan:

— Shahardagi jinoyatchilik holati, yangi turdagi jinoyatlar va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida o‘z vaqtida maʼlumot olish imkoniyati;

— Muayyan hududdagi tuman profilaktika inspektori kimligini va u bilan qaysi telefon raqami orqali bog‘lanish mumkinligi (hozirda onlayn muloqot funksiyasi ham ishlab chiqilmoqda);

— Xarita orqali eng yaqin IIBning tayanch punktlari qayerda joylashganligini va ularga boradigan yo‘nalishlarni ko‘rish;

— Shoshilinch xizmatlar (Yong‘in xavfsizligi xizmati, ichki ishlar organlari, shoshilinch tibbiy yordam, avariya gaz xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan bog‘lanish;

— Yagona operativ boshqaruv markaziga integratsiya qilingan SOS tugmasi bosilganda, operator tezkorlik bilan murojaatchiga aloqaga chiqadi. Shu bilan birga, siz tugmani bosish orqali yo‘l-transport hodisasiga uchraganingiz yoki boshqa baxtsiz hodisa yuz bergani yoxud to‘satdan sog‘lig‘ingiz yomonlashganligini ko‘rsatishingiz mumkin;

— Ilovaning imkoniyatlarini kengaytirish hamda aniqlangan xato va kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflarni onlayn yuborish imkoniyati;

— Shuningdek, ichki ishlar organlariga onlayn ariza yuborish imkoniyatlari ham ishlab chiqilmoqda.

Siz mazkur ilova orqali ko‘p qavatli uylar oldidagi kirish yo‘laklarini to‘sib qo‘ygan avtomashinalar, tungi vaqtlarda uyingiz oldida yurgan shubhali shaxslar, qo‘shni xonadonlardagi maishiy shovqinlar, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, xonadon kirish eshigi qulflanib qolganligi, kommunal sohada va boshqa turdagi muammolar yuzasidan murojaat yuborishingiz mumkin. 

Ilovani qayerdan yuklab olish mumkin?

Hozirda sinov tariqasida ishlayotgan “Mening Inspektorim” ilovasini GooglePlay da (Android operatsion sistemasida ishlaydigan smartfon foydalanuvchilari uchun) quyidagi ilova orqali yuklab olish mumkin: https://play.google.com/store/apps/details?id=uz.smartbase.myinspector .

Shuningdek, iOS va iPadOS operatsion tizimlarda ishlovchi mobil qurilmalar foydalanuvchilari uchun ilovani yuklab olish imkoniyatlari ustida ishlar davom ettirilmoqda. Tez orada u App Store da ham paydo bo‘ladi.

Ro‘yxatdan qanday o‘tiladi?

1. Telefoningizda ilovani ishga tushirgandan so‘ng, sizdan mobil telefon raqamingiz, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki ID-karta) seriyasi va raqamini, shuningdek, tug‘ilgan kuningizni ko‘rsatish talab qilinadi. Shundan so‘ng, tizim sizga FaceID (telefoningizning videokamerasi) yordamida ko‘rsatilgan identifikatsiya maʼlumotlarini tasdiqlashingizni so‘raydi. Bu sizning murojaatlaringizni qayd etish, ayrim hollarda maʼlumotlarga aniqlik kiritish hamda siz bilan bevosita bog‘lanish uchun zarurdir. Shaxsiy maʼlumotlaringizning maxfiyligi va xavfsizligi kafolatlanadi.

2. Shundan so‘ng, ilova sizdan joylashuvingiz haqida  maʼlumotlarni (geolokatsiya) bilish uchun ruxsat so‘raydi. Siz ushbu harakatga ruxsat berishingiz kerak. Shu orqali siz, shu hududdagi profilaktika inspektori haqida maʼlumotga ega bo‘lasiz, shuningdek, biror favqulodda holat yuzaga kelgan taqdirda, mazkur joylashuvingiz haqidagi maʼlumotlarni tegishli xizmatlarga yuborishingiz mumkin bo‘ladi.

Hozirda mazkur ilova o‘zbek (lotin va kirill), rus va ingliz tillarida mavjud. 

Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Biz har kuni dastur ustida ishlab, uni takomillashtirish va imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini davom ettirmoqdamiz. Agar biror bir xato topsangiz yoki ilovani takomillashtirish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, iltimos, ular haqida Bosh sahifada joylashgan “Takliflar” bo‘limi orqali bizga xabar bering - har bir murojaat o‘rganiladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech