Qirqni qoralagan Sherzodga nima bo‘ldi-yu so‘ngi paytlarda tez-tez spirtli ichimlikka ruju qo‘ydi. Muhandis – bu sharafli kasb. Ana shu kasbi ortidan uy-ro‘zg‘orini tebratib, uch farzandini tarbiyalab kelmoqda. Ammo ko‘ngli dabdabani, hashamatni istaydi. Hayotidan qoniqmaslik tuyg‘usi uni gohida tushkunlikka tushiradi. Ana shunday paytlarda shishaga qo‘li ketib qoladi. Shisha ichida jilva qilib turgan “suvdan” ichsa, kayfiyati ko‘tarilib, “omadsizliklari” chekinganday bo‘ladi. O‘sha kuni ham Chilonzor tumanidagi qahvaxonalardan biriga kirib tamaddi bahonasida spirtli ichimlik buyurdi. Yaxshigina kayfi oshgan Sherzod ko‘chaga chiqqanida allamahal bo‘lib qolgandi. U hozir borsa xotinining tergashini, diydiyosini ko‘z oldiga keltirib, chuqur xo‘rsindi-yu, taksi to‘xtata boshladi. Bir oz yurib, haydovchi yo‘lovchisining mastligini bilgach, uning poyintar-soyintar gaplarini eshitishga tobi yo‘qligini aytganida, o‘rtada janjal chiqdi. Haydovchi uni mashinadan tushirib yubordi. Mashina ortidan haydovchini buralab so‘kib qolgan Sherzod anchagacha garangsib turdi. Chamasi 20 metrlar uzoqda o‘t olib turgan Nexia avtomashinasiga ko‘zi tushdi-yu gandiraklab u tomon yurdi. Tergovda u:
— Ichida haydovchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Qarasam, hech kim yo‘q. Kaliti o‘zida. Uyga yetib olay dedim. O‘g‘irlash xayolimda ham yo‘q edi. Mast edim, voqeani elas-elas eslayman,– deya ko‘rsatma berdi.
Uyi yonida to‘xtatib, uyga kirgach qattiq uyquga ketgan Sherzod ertasi kuni ichki ishlar organlari xodimlari tashrifidan so‘nggina birovning avtomashinasini o‘g‘irlab ketganligini angladi.
— Avtomashina bus-butun, soz holatda egasiga qaytarildi,– deydi mazkur ishni yuritgan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyev. – Sherzodga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasiga aosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov jarayonida uning aybi dalillar bilan to‘liq isbotlandi va jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.