30 Oktyabr 2024 Yil 474

Mastligidan foydalanmoqchi edi

Aziz 20 yoshida bosqinchilik jinoyati uchun 9 yilga qamalgandi. Amnistiya munosabati bilan jazo muddati qisqartirilib, 2015 yilda axloq tuzatish ishlariga almashtirildi. Afsuski, Aziz bundan tegishli xulosa chiqarmadi. Bir yil ham o‘tmay 2016 yilda o‘g‘irlik jinoyatini sodir etdi. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, deyiladi xalq maqolida. Biroq u ko‘r bo‘lmay turib qayta-qayta hassasini ham, yo‘lini ham yo‘qotib boraverdi. Talonchilik jinoyati uchun 2022 yilda jazo muddatini o‘tab qaytgan Aziz hadeganda  foydali mehnat bilan shug‘ullanish, hayotini izga qo‘yish haqida jiddiy o‘ylamadi. Oila qurmagan, maʼlumoti o‘rta yigit ota-onasining  topganiga sherik bo‘lib o‘tirishdan or qilmadi. Baʼzi-baʼzida kunlik yollanma mehnatga chiqqanini hisobga olmaganda, u deyarli ota-onaning qaramog‘ida edi.

— 30 yoshdan oshgan shaxs kelajagi, kelgusi hayoti haqida qayg‘urishi, orzu-havaslarini amalga oshirish uchun intilishi kerak, aslida. Ota-onasi, yaqinlariga yordam berish, odamiylik burchini bajarishga harakat qilmog‘i lozim. Biroq Azizga bu tuyg‘ular yot edi. U ishlamay pul topish, yengil hayot kechirishni afzal biluvchi, pand-nasihatlarni eshitishga tobi yo‘q, jizzaki, faqat o‘zini o‘ylovchi shaxs edi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonov, – Bolaligidan ota-onasi doimo ishda bo‘lgan, ko‘pincha u o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. O‘z o‘rnida ota onasi tarbiyalaydi deb, onasi otasi tarbiyalaydi, deb tarbiyaga sust eʼtibor berishgan. Keyin esa butunlay izdan chiqarib yuborishgan. Ko‘cha tarbiyasiga tushib qolgan Azizni qaytarishning imkoni bo‘lmagach esa taqdirga tan berishdan o‘zga chora topolmagan.

Aziz 2023 yilning18 sentyabrida soat 17.00 larda Yashnobod tumani Birlashgan ko‘chasida ketarkan, ro‘parasidan mastlikdan tebranib kelayotgan 1992 yilda tug‘ilgan Dilshodni uchratib qoldi. Uning eʼtiborini Dilshodning qo‘lidagi narxi 2 million so‘m bo‘lgan “Samsung A-22” rusumli telefoni tortdi. Qo‘ng‘iroq qilib olish uchun telefonini so‘radi. Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishi, pivo bilan siylashini aytdi. Qahvaxonadan chiqib,  unga yaqin oradagi bozorga kirib o‘tishni taklif qildi. Yo‘lda Dilshod telefonini so‘raganda, Aziz qahvaxonada unutib qoldirgani uchun uzr so‘radi. Dilshod qahvaxonaga qaytishini aytib ortiga burildi. Biroq qahvaxona xodimlari telefon qoldirilmagani, istasa videokuzatuvni ko‘rishi mumkinligini bildirishdi. Dilshod kayf bo‘lsa-da, telefonini hozirgina tanishgan sherigi o‘g‘irlaganini angladi va ichki ishlar organlariga murojaat qildi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida Azizning jinoyatini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Talonchilik”) bilan aybli, deb topdi va 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech