Insonning hayotini, kasbini oʻzgartirishi uchun biror turtki sabab boʻladi. Muborak Azizovaning ham ichki ishlar organlariga ishga kirishiga turmush oʻrtogʻining ichki ishlarda ishlovchi ota-onasi sababchi boʻldi. 2009-yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan Muborak ularning qoʻllab-quvvatlashi natijasida IIV PPXvaJTSBBga bevosita boʻysinuvchi Kinolog xodimlari va qidiruv-xizmat itlarini tayyorlash markazi veterinariya va muammolarni oʻrganish xizmati, kinologiya xizmatida mavjud muammolarni oʻrganish ilmiy-tekshirish laboratoriyasining katta inspektor-muhandisi lavozimiga qabul qilindi. Bu yerda Muborak ustozi laboratoriya boshligʻi, podpolkovnik Aleksandr Chechnesning bevosita murabbiyligi ostida sohani chuqur oʻrgandi. Xizmat itlarini tayyorlashga bagʻishlangan meʼyoriy hujjatlar, qoʻllanma va tegishli adabiyotlarning rus tilida boʻlganligi bois ustozi rahbarligida ularni oʻzbek tiliga tarjima qilishga kirishdi. Bu xodimlarga xizmat itlarini parvarishlash va turli yoʻnalishlar boʻyicha tayyorlashda katta ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, ustozining koʻp yillik tajribasiga tayanib xizmatga oid qoʻllanma, risola va eslatmalar ishlab chiqdi. Oʻn yildan ortiq mazkur sohada faoliyat yuritgan Muborak 2019-yilda poytaxt Sergeli tumani IIO FMB 3-sonli IIB HPBda voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi katta inspektori lavozimiga oʻtkazildi. Bu sohaning oʻziga xos jihatlarini oʻrganishda unga ustozi, oʻz ishining fidoyisi katta inspektor, podpolkovnik Nodira Ataxanova amaliy yordam berdi. Shunga qaramay, Muborakning sohaga kirishib ketishi qiyin kechdi. Bugungi kunda tuman IIO FMB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor lavozimida, podpolkovnik unvonida faoliyat yuritayotgan Muborak Azizova oʻsha paytlarni eslasa, irodasizligi, qatʼiyatsizligi, tushkunlikka berilgani uchun oʻz-oʻzidan uyaladi. Chunki, ayni damdagi uning faoliyati aynan hayotda irodasi boʻshligi, qatʼiyatsizligi, hissiyotlarga berilishi tufayli turmushning qiyinchiliklariga duch kelganlarga yordam berish, ularda oʻziga nisbatan ishonch tugʻdirish, hayot zarbalarini, tashvishlarini mardona qabul qilib, kelajakka intilishga umid bagʻishlash bilan bogʻliq. Ehtimol shu sabab ham zoʻravonlik, tazyiq va kamsitilishlarga duch kelgan ayollarning holatini tushungan holda ularga yordam berish uchun tegishli mahkamalarga qatnab, mutasaddilarning “tinchi-halovatini buzib” jabrdiydalarga yordam berishga oshiqar. Tuman mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat yurituvchi xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda joriy yilning 11 oyida oilada zoʻravonlik, tazyiq va kamsitilishlarga uchragan 160 dan ortiq ayollarga himoya orderlari berilishiga erishildi. Qoʻlida hunari boʻlmagan necha oʻnlab ayol-qizlar kasb-hunar oʻrgatish qisqa kurslariga jalb etildi. Koʻplab oilada notinchlik boʻlgan holatlar oʻrganilib, ularga zarur maslahatlar, huquqiy tavsiyalar, tushuntirishlar berilib oilani yarashtirish choralari koʻrildi. Biroq bu degani yarashtirildi va hisobdan chiqarildi, degani emas, bunday oilalar ustidan tegishli nazorat oʻrnatilib, zaruriy yordam koʻrsatilib kelinmoqda. Bu ishda tumanning “Daryo boʻyi” mahalla xotin-qizlar faoli Umida Karimova, “Sohibqiron” mahallasidan Gulbahor Ahmedova, “Uchuvchilar” mahallasidan Yulduz Xalikovalarning jonbozligi, fidoyiligi va mahalla xotin-qizlarining yashash tarzidan ogohligini taʼkidlamay iloj yoʻq. Ular maqsad mushtarakligi yoʻlida birgalikda hormay-tolmay, oʻz shaxsiy vaqtlarini ham ayamay mehnat qilib kelishmoqda. Zotan, ayol baxtli boʻlsa –oila tinch, oila tinch boʻlsa – jamiyat tinch.