Bolalar nihol, qaerga bursang o‘sha yoqqa egiladi. To‘g‘ri tarbiyalash, barkamol insonlar bo‘lib yetishishi kattalarning munosabati, bilimi va tajribasiga bog‘liq. Afsuski, bola tarbiyasiga befarq, turli sabablarga ko‘ra ularni nazoratsiz, qarovsiz qoldirish holatlari hamon uchrab turgani bor gap. Bu toifa bolalar va o‘smirlar bilan Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi bevosita shug‘ullanib kelmoqda. Markazda vaqtincha saqlanayotgan bolalar va o‘smirlar, ularning ota-onalari bilan Markaz xodimlari va ko‘ngillilar (volonter) hamda taklif etilayotgan mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yakka tartibda profilaktik, psixologik suhbatlar, treninglar, tibbiy ko‘riklar, tarbiyaviy ahamiyatga ega uchrashuvlar tashkil etiladi. Shu bilan birga ularning madaniy hordiq olishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli va qiziqarli tashkillashtirish masalalariga ham katta e'tibor qaratiladi. Bolalarning dunyoqarashini, ma'naviy-ruhiy holatlarini to‘g‘ri shakllantirish hamisha Markaz hodimlari diqqat-markazida.
Joriy yilning 27 dekabr kuni Markaz tarbiyalanuvchilariga Yangi yil bayrami munosabati bilan bayramona xushkayfiyat bag‘ishlash maqsadida Yunusobod tumani Turizm va madaniyat bo‘limi xodimlari, “Dizayn” jamoasi a'zolari, O‘zbek davlat sirki tomonidan shodiyona tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirni Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Ikrom Tillaev ochib berdi. U bolalarni Yangi yil bilan samimiy tabriklab, bolajonlarga yangi yil sovg‘alarini topshirdi. Tadbir davomida bolalar turli musiqiy o‘yinlar, qiziqarli sahnalashtirilgan teatr tomoshalarida ishtirok etib, hajviy mavzularda chiqishlar qilishdi, sho‘x kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushishdi. Bolalar uchun noz-ne'matlarga to‘la yasatilgan to‘kin dasturxon atrofida bayram tadbirlari davom ettirilib, ularning zavqiga zavq, shodligiga shodlik qo‘shildi. Tabiiyki, bayram shukuhi uzoq vaqt ular yodida qoladi.