20 Avgust 2024 Yil 804

Maʼlumoti oliy firibgar

        O‘qimaganni “o‘qimagan-da...” deysan-u shu bilan ortiqcha gapga hojat qolmaydi. Ammo o‘qigan, oq-qorani tanigan, oliy maʼlumotli yigitning...


Sud tomonidan uning qilmishlariga qonuniy baho berildi. Keling, siz ham uning qilmishlari bilan tanishib, o‘zingiz xulosa qiling.


        Bunyod 2021 yilda nufuzli oliygohni bitirib ham maosh kamligini bahona qilib ishga kirmadi. O‘z kasbini yuqori maoshga loyiq deb takabburlik qilar, ammo yuqori maoshli ishlarga tajribasi yo‘qligi sababli qabul qilishmasdi. Shu alfozda nima ish qilishini bilmay, qanday pul topish kerakligi haqidagi savollar miyasida g‘ujg‘on o‘ynayotgan mahalda tanishi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Bunyodni o‘qigan, tanish-bilishi ko‘p, jilla qursa to‘g‘ri, oqilona maslahat beradi, degan niyatda:


       –  Bunyod, qizim qo‘shni respublika universitetida tahsil oladi. O‘zingga maʼlum hali “kovid” degan savil tugagani yo‘q. Onlayn o‘qishga o‘tgan. Bu yog‘i borib-kelish xarajatlari.  Qizimizga biron narsa bo‘lsa nima qilamiz. Biz bu yerda, qizimiz u yerda... O‘qishini Toshkentga ko‘chirishning iloji bormi? Shunga yordam bersang. Har holda yo‘l-yo‘rig‘ini bilasan.


          Dabdurustdan, yetti uxlab tushiga kirmagan bu taklif haqida Bunyod nima deyishini bilmay kalovlangandi, narigi tomondagi ovoz buni o‘zicha tushunib:


         – Xarajatidan qochmayman. Faqat ish bitsa bo‘lgani, – deya pulga shaʼma qildi va Bunyodning ichida nimadir jonlangandek bo‘ldi.


           Miyasida “yalt” etgan uchqun unga “yo‘q, bu ish haqida tushunchaga ham ega emasman. Mening qo‘limdan kelmaydi”, deb javob qaytarishiga to‘sqinlik qildi. U rejasini pishitib olish niyatida tanishiga so‘rab-surishtirib ko‘rishini aytib, umidvor qildi.


          Ish bor-yo‘g‘i o‘qishni Qozog‘istondagi universitetidan Toshkent davlat pedagogika universitetiga ko‘chirish. U bu ish qanday bajarilishi haqida tasavvurga ham ega bo‘lmay turib, o‘z xizmatini 7.000.000 so‘mga narxladi. 2021yilning 26 dekabrida 6.000.000 so‘m, 2022 yilning 31 martida 1.000.000 so‘m pulni qo‘lga kiritdi. Ammo o‘quv dargohining ko‘chasiga kirib ham chiqmadi. O‘z Vatanida o‘qishidan xursand bo‘lgan qiz kursdoshi – o‘zbekistonlik Jo‘rabekka to‘lqinlanib gapirganida, u ham bu haqda anchadan beri o‘ylab yurganini aytib, undan yo‘l-yo‘rig‘ini surishtirdi. Qiz Bunyodning telefon raqamini berdi. Bunyod 2022 yilning yanvar oyi oxirlarida “xolis xizmatlari” uchun Jo‘rabekdan 7.500.000 so‘m oldi. “Xolis xizmat” haqidagi gaplar Tatariston respublikasidagi universitetida o‘qib, O‘zbekistondagi muqobil oliygohlardan biriga o‘tkazish niyatida yurgan Nurbekning ham qulog‘iga yetdi. Uning o‘qishi “nufuzli” bo‘lgani uchun xizmat haqi 39.000.000ga baholandi. Ha, o‘qituvchi qayoqda-yu, iqtisodchi qayoqda.


         Talabalarning qo‘ng‘iroqlariga “ana bo‘lar, mana bo‘lar”, deb vaqtni cho‘zgani bilan oliygohlar o‘zgarib qolmadi. Vaʼda qilingan oliygohlarda o‘z ism-shariflarini ko‘rmagan, oliygoh maʼmuriyatlaridan bunday talabalardan arizalar tushmaganligi haqida so‘rab-surishtirib, chuv tushganini anglagan talabalar ichki ishlar idoralariga murojaat qilishdi.


           – Bunyod o‘sha vaqtda yurtboshimizning xorijda o‘qiyotgan talabalarning O‘zbekiston oliygohlariga o‘tkazishi haqidagi qaroriga ko‘ra mijozlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublikamizning muqobil oliygohlariga o‘tishiga ishongan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Rustam Jenbiyev. – Lekin, bunday bo‘lmadi. Axir ular ariza bilan murojaat qilmaganlar-da. Aslida talabalarning o‘zlari oliygoh maʼmuriyatiga uchrashib, ariza berib, tegishli hujjatlarni taqdim etishganlarida muammolari qonunan hal qilingan bo‘lardi.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi Bunyodni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplangani, jabrlanuvchilarning unga moddiy daʼvosi yo‘qligi, aybiga to‘liq iqrorligi va qilmishidan pushaymonligini, ilgari sudlanmaganligini inobatga olib, sud Bunyodni ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech