24 May 2024 Yil 684

Makkora enaga

Kishi o‘z oila aʼzolariga ishonmasa, gumonda bo‘lsa, bundan azobli va xunuk narsa bo‘lmasa kerak. Mana bir oyki Mushfiqning (ismlar o‘zgartirilgan) oilasida halovat yo‘q. Bor yo‘g‘i er-xotin, ikki voyaga yetmagan go‘dak va onasi yashaydi. Hammasi tilla uzukning yo‘qolishidan boshlandi. Keyin yana va yana... Xotini erini jazman topganlikda, tilla buyumlarni unga sovg‘a qilganlikda aybladi. Ona o‘g‘lining yonini olib kelinga ters bo‘ldi.  Pullari yo‘qola boshlagach, Mushfiq onasi bilan xotinidan shubhalandi.  Alaloqibat ichki ishlar idorasiga murojaat qilishga qaror qilindi. 

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari voqea joyiga chiqib, buyumlar qayerda saqlangani, uyga kimlar tashrif buyurgani borasida surishtiruv ishlarini olib borishdi. Nomlari keltirilgan shaxslar bilan suhbatlashilganda, ularning o‘g‘irlikka  aloqasi yo‘qligi aniqlandi. Tergov muallaq turib qoldi.

Tuman IIO FMB tergovchisi hujjatlarni sinchiklab qayta ko‘zdan kechirarkan, yana bir bor xonadon egalari bilan uchrashishga qaror qildi. Holbuki, er-xotin ikkisi ishlaydi, keksa onaxonning ikki voyaga yetmagan nabiralari qarovi bilan shug‘ullanishga sog‘lig‘i va yoshi to‘g‘ri kelmaydi. Keksa onaxonning o‘zi qarovga muhtojligini hisobga olsak, bolalar bilan kimdir mashg‘ul bo‘lgan yoki mashg‘ul. Yoki uy egalariga juda yaqin bir kimsa borki, uy egalari undan mutlaqo shubhalanishmaydi. Shu bois uning nomi hatto tilga olinmadi, esga ham kelmadi. Suhbat davomida tergovchi onaxondan bolalarga enaga yollangan-yollanmaganligi bilan qiziqdi.

— Ha, ha, enaga yollashgandi.  

— Hozir qayerda?

— “ Ish haqqi kam”, deb ketib qoldi.

Tergovchi enaganing ism -sharifi, qayerdan kelgani, kim tavsiya etgani, manzili haqida so‘rab surishtirdi. Yaxshiyamki, uy aʼzolari enagani rasmiy kliring kompaniya orqali yollashgan ekan. Kompaniya masʼuli bilan suhbatlashilganda, enaganing ilgarigi ish joyidan ham shikoyatlar tushgani aniqlandi. Enaga haqida tegishli maʼlumotlarni olgan tergovchi uni  suhbatga chaqirdi. Suhbat davomida gumondor uy egalari unga tuhmat qilayotganini, bir-ikki marta ular aytgan ishni qilishdan bosh tortganligi uchun o‘ch olayotganini aytib, o‘g‘irlikni tan olmadi. Biroq tergovchiga bu holat  tanish bo‘lganligi bois, suhbatga yaxshi tayyorlangan edi.

Enaga bir necha oy ishlab, uy egalarining ishonchiga kirgach, asta-sekin qayerda nima turishini bilib oldi. So‘ngra shubha uyg‘otmay ishdan ketish kabi rejalarni tuza boshlagan. Avval kichik, keyin kattaroq narsalarni o‘margan.

— Pullarni oz-ozdan olardim, deydi ayol. Ular uchun 50 ming, 100  ming so‘m pul emasdi. Shu bois hisobdan adashib, mayda-chuydaga ishlatganligiga ishonishardi. Uchinchi oyda ketishim kerakligini sezdim. Chunki, vaziyat shuni taqozo qilardi. Bu yog‘iga sirim ochila boshlardi.  Ish haqim kamligidan nolib, boshqa ish topganligimni bahona qilib, ketib qoldim.

Uning jinoyatni tan olishi va qilmishidan pushaymonligi sud tomonidan jazo tayinlashda inobatga olingan albatta, ammo... Uni o‘z oilasiga kiritgan, farzandi va onasini qarovini ishonib topshirgan shaxslarning ishonchini suisteʼmol qilganligini qanday oqlash mumkin?!

Bugungi kunda ro‘zg‘orimiz, uy yumushlarimizni o‘z gardaniga oladigan turli kompaniya deysizmi, xususiy tashkilot deysizmi, ko‘payib bormoqda. Ammo mazkur xizmatdan foydalanishda ehtiyotkorroq bo‘lish, tavsiyanomalar bilan eʼtiborli, chuqurroq tanishish, jiddiy suhbatlashish, zarur bo‘lganda qo‘shimcha maʼlumotlar so‘rash lozim. O‘zingizga tegishli qimmatbaho buyumlar va hujjatlarni ishonchli va begonalar qo‘li yetmas joyda saqlaganingiz maʼqul. Hushyorlik, ehtiyotkorlik hech qachon pand bermaydi.

Barcha yangiliklar

Text to speech