19 Avgust 2024 Yil 916

Kelajakka ishonch bilan

        Poytaxt fuqarolari Toshkent shahar IIBBga turli masalalarda, savol va ehtiyojlariga ko‘ra murojaat qilishadi, shaxsan tashrif buyurishadi. Ularning murojaatlariga qaysi soha mutasaddilari javob berishi mumkinligi, qaysi idora-tashkilot yechim topishini bilib yo‘naltirish bir qaraganda oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo turli feʼlli fuqarolar bilan tillashishning o‘zi bo‘lmaydi. Ayrimlari tushuntirishingga qaramay o‘z muammosini shu yerning o‘zida hal qilishni talab etishadi. Mana bir necha yillardirki, Bosh boshqarmaning Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi “Qo‘riqlash” otryadida  xizmat olib borayotgan safdor Bekzod Umarov bu ishda ancha “ko‘zi pishgan”lardan. IIBB binosiga yaqinlashayotgan fuqaro bilan qanday muomala qilish kerakligini uning qadam olishidan biladi.


        Bekzod – Mustaqilli tengdoshi. U yurtimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan ilk kunda, yaʼni 1991 yil 31 avgust kuni tavallud topgan. Uning keyingi  hayoti mustaqillikning tetapoya qilishi bilan birga kechdi. Har bir yangilik, xalqimizning ozod, emin-erkin, farovon yashashi, bilim olishi maqsadida qo‘yilgan qadamlar uning ham hayotida aks etib bordi. Kasb-hunar bilim yurtida o‘zi qiziqqan kasbning egasiga aylandi. Yurtimizdan chiqmagan holda O‘zbekiston Qurolli kuchlarida xizmat burchini o‘tadi. O‘zi orzu qilgan ichki ishlar organlariga qabul qilindi. Oilali bo‘ldi. Bugunga qadar o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, rahbariyat tomonidan rag‘batlantirib  kelinmoqda.


        – Mustaqilligimiz eng avvalo tilimizni, azaliy qadriyatlarimizni  qaytardi. Bugun qaysi sohani olib qaramang, imkoniyatlaringizni namoyon qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi safdor  Bekzod Umarov. – Uyli-joyli bo‘lish deysizmi, avtomashinali bo‘lish deysizmi, oliygohlarda o‘qishmi, barcha-barchasiga erishish uchun yengillik va imtiyozlar mavjud. O‘tgan davr mustaqilligimiz uchun qisqa muddat, albatta. Lekin ishonchim komil yurtimiz bundan-da go‘zal bo‘ladi va eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin oladi. Bu yo‘lda zarracha bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganimdan mamnunman.

Barcha yangiliklar

Text to speech