Kechirimlilik inson olijanobligining yorqin namunasidir. Xato qilmoq bor, uni tuzatmaslik ayb. Mamlakatimiz rahbarining joriy yilning 5-dekabridagi Farmoniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan Asosiy Qomusimizning 109-moddasi 23-bandiga asosan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga kirgan hozirgi vaqtda jazo muddatini oʻtayotgan 483 nafar shaxs afv etildi. Ular orasida Bektemir tumanida istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqarolar ham bor. Avf etilganlarning hayotga moslashuvi, bandligini taʼminlash, salomatligini tiklash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy hamda maishiy masalalarni amalga oshirish tuman IIO FMB Probatsiya guruhining nazoratiga olindi. Shu maqsadlarda guruh xodimlari mahkumlarning yashash manzillari boʻyicha profilaktik tadbirlar olib borish bilan birga ularning yashash shart-sharoitlari, turmush tarzlarini oʻrganib chiqishdi. Shuningdek, ular tumandagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, salomatliklarini tiklash boʻyicha tegishli davolash muolajalari belgilandi. Ularni ish bilan taʼminlash borasida tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazida mavjud boʻlgan vakansiflar tavsiya etilib, tanlangan ishlar boʻyicha yoʻllanmalar berildi. Hayotga moslashuv jarayonidagi ilk muddatlarda ijtimoiy-maishiy hamda moddiy yordam koʻrsatish maqsadida, tuman ijtimoiy koʻnikma markazi tomonidan belgilangan moddiy yordam ajratilib har ikkisiga topshirildi. Sobiq mahkumlarga koʻrsatilayotgan bu kabi insoniylik namunalaridan koʻzlangan maqsad – yurtimiz fuqarolarining shu yurt farzandi, uning ajralmas qismi ekanligini anglash, barcha uchun belgilangan haq-huquqlardan foydalanish, toʻgʻri yoʻlda munosib yashash mumkinligini his qilishida muhim qadamdir.