25 Aprel 2024 Yil 509

Kasbidan eʼzoz topgan ayol

Nodira Zokirova ichki ishlarda xizmatni 2004 yilda Mirobod tumani IIBda safdor lavozimidan boshlab, turli lavozimlarda xizmatni davom ettirdi. Xususan, tuman bo‘limi profilaktika bo‘linmasida xotin-qizlar masalasi bo‘yicha katta inspektor, bo‘linma boshlig‘i lavozimidagi faoliyatini o‘zgacha xotirlaydi.

- Fuqarolarning muammolarini hal qilish uchun tunu kun ishlashga to‘g‘ri kelardi, - deya xotirlaydi qahramonimiz suhbatda. – Kunning, tunning istalgan vaqtida sodir etiladigan oilaviy kelishmovchiliklar, qo‘ni-qo‘shnilarning janjali, o‘zaro tushunmaslik oqibatida ro‘y beruvchi ko‘ngilsizliklarni hal etish, qonuniy ko‘rib chiqish, huquqiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kerak bo‘lardi. Xizmat vazifasi taqozosi bilan ko‘plab oilalarni o‘rganishim, uy sharoiti, ro‘zg‘or tutumi bilan tanishishimga to‘g‘ri kelgan. Ularni o‘rganib shunga amin bo‘ldimki, qayerda yolg‘on, riyokorlik, nopoklik, harom luqma bo‘lsa, er-xotin, ota-ona va bola munosabatlarida oila parokandalikka yuz tutishi mumkin ekan. Bu menga katta maktab bo‘ldi, olgan tajribalarim xizmatimning keyingi davrlarida juda asqotganini alohida taʼkidlashim lozim. O‘sha kezlari menga yaqindan yordam bergan, kasb sirlarini beminnat o‘rgatgan ustozlarim – ayni damda qarilik gashtini surayotgan, nafaqadagi podpolkovniklar – Gulnora Holiqova va Rahmatilla Xojimuhamedovlardan juda minnatdorman.

Nodira aholi bilan, xususan, xotin-qizlar bilan ishlashda samarali faoliyat olib borgani, muammo va masalalarini o‘z vaqtida hal qilgani, huquqiy bilimlarini oshirish borasida sezilarli ishlarni amalga oshirgani alohida eʼtirof etilib, “Yil ayoli-2019” respublika milliy tanlovida tashakkurnoma bilan taqdirlangan.

Xizmati davomida Nodira ekspert-kriminalistika sohasiga juda katta qiziqishi uni 2009 yilda ekspert-kriminalistika bo‘limiga yetakladi. Sohaga oid maxsus bilimlarni o‘zlashtirgach, xatshunoslik borasida ish boshladi.

Nodiraning o‘z ishiga masʼuliyat va talabchanlik bilan yondashishi, har bir topshirilgan ishni mantiqiy yakuniga yetkazishi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. 2020 yilda u poytaxt IIBB Ekspert-kriminalistika markaziga katta ekspert lavozimiga tayinlandi.

Ayni paytda podpolkovnik, Nodira Zokirova Ekspert-kriminalistika markazining tahlil va hisobga olish bo‘limi katta eksperti lavozimida xizmat olib bormoqda. Poytaxtimizdagi tumanlar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalaridagi ekspert-kriminalistika bo‘limlari faoliyatini tahlil qilish bilan birga qabul qilingan reja va tadbirlarning ijrosini taʼminlash borasidagi ishlarning nazoratini olib boradi. Shuningdek, xodimlarning xizmat intizomiga rioya qilishlari, yurish-turishi, fuqarolar bilan muomalasi, yo‘l qo‘yilgan xato - kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadi. Aytish mumkinki, u bunday masʼuliyatli va sharafli vazifani fidoyilik bilan bajarib kelmoqda.

Albatta, ayol uchun eng muhimi – oila. Uy yumushlari, davlat ishlari, farzandlar tarbiyasi, yaqinlari bilan munosabatlarni teng ravishda olib borish oson ish emas. Ayniqsa, ichki ishlar idoralarida xizmat olib borayotgan ayollar uchun. Ehtimol, shuning uchun bu sohada ishlovchi ayollar irodali, kuchli va chidamlidir. Bunday ayollarning jismida qandaydir tabiiy bir ustun borki, unga tayanib mashaqqatlarni yengib o‘tishadi. Bunga N.Zokirovaning hayoti va ish faoliyati yaqqol misoldir.

- Profilaktika bo‘limida ishlagan davrim men uchun katta hayotiy saboq bo‘lganini aytishim joiz. Bildimki, ko‘plab ko‘ngilsizliklar, huquqbuzarliklar, adovat-nizolar oilalardagi muhit, tarbiyaga, ko‘p jihatdan ota-onaning bir-biriga o‘zaro hurmati, munosabatiga bog‘liq ekan. Shu bois, farzandlarimning tarbiyasiga befarq bo‘lmadim. Imkon qadar ular bilan ko‘proq muloqot qilishga, do‘st tutinishga harakat qildim, - deya taʼkidlaydi qahramonimiz.

Uch nafar farzandni halol rizq bilan tarbiyalab, kasb-korli qilgan, ikki nafar qizini yaxshi joylarga uzatib, to‘rt nevaraning buvisi bo‘lish bilan birga xizmatini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan bu ayol hamkasblari, bosh boshqarma xodimlari o‘rtasida katta obro‘-eʼtiborga ega. Rahbariyat tomonidan Nodiraning xizmatlari rag‘batlantirib borilishi uning faoliyatiga bo‘lgan eʼtibor va masʼuliyatining mahsuli ekanligiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech