3 Oktyabr 2024 Yil 182

Kasalni davolagandan ko‘ra ...

...oldi olingani afzal. Bugungi kunda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar yangi – sunʼiy kimyoviy, sintetik , psixotrop dori vositalari –ko‘rinishida ko‘plab tayyorlanayotgani, ishlab chiqarilayotgani ijtimoiy tarmoqlar va boshqa turli yo‘llar orqali tarqatilishi bilan jamiyatimizga katta xavf solmoqda. Xavfli jihati - zahri qotilning tarqatilishi va isteʼmoliga yoshlar va o‘smirlarni ham o‘rgatish uchun bo‘layotgan urinishlardir. Bu yo‘lda og‘ufurushlarning har qanday qabihlikdan tap tortmayotgani xavotirli. Yoshlarimizni nafaqat yurt kelajagi, balki o‘z kelajagiga befarqlik, hayotga qiziqmaslik, intilish va ishtiyoqining so‘nishiga, alaloqibat jinoyatga boshlovchi, umr zavoli bo‘lmish bu illatning oldini olish maqsadida, poytaxt hududida joriy yilning 20 sentyabridan 20 oktyabriga qadar “Giyohvandlik va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash oyligi” eʼlon qilingandi. Unda mazkur jinoyatlarga qarshi kurashning oldini olishda aholi keng qatlami o‘rtasida profilaktik-tushuntirish, ogohlik va hushyorlikka chaqiruvchi targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, ayniqsa, yoshlarni sog‘lom turmush, sog‘lom fikrlashga targ‘ib qilish bo‘yicha o‘quv dargohlarida uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar uyushtirish rejalashtirilgan. Shunday tadbirlarning navbatdagisi: ochiq davra suhbati Olmazor tumanida joylashgan Toshkent davlat texnika universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar IIBB bo‘lim boshlig‘i D.Ahmedov, Olmazor tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari U.Karimov, 4-sonli IIB boshlig‘i A.Halimovlar ishtirok etib, oliy o‘quv yurti talabalariga giyohvandlik moddalari, o‘tkir taʼsir qiluvchi psixotrop vositalarining jamiyatimiz ravnaqi va yuksalishi, insoniyat ongi rivojlanishi uchun qanchalar xatarli ekanligi misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, ularni tayyorlash,sotish, sotib olish, saqlash, tashish, isteʼmol qilish kabi xatti-harakatlar uchun qonunda belgilangan jazo choralari haqida ishtirokchilarga maʼlumotlar berildi.


Oylik doirasida tadbirlar davom ettirilib, tuman IIO FMB 4-son IIB boshlig‘i A.Xalimov va sohaviy xizmat masʼullari hamkorligida tumanda joylashgan Turin politexnika universiteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi va isteʼmolining og‘ir oqibatlari taʼkidlab o‘tildi. Uchrashuvlar so‘ngida maʼruzachilar talabalarning ko‘plab savollariga javob berdilar. Bu kabi profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech