14 Iyun 2024 Yil 1496

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyati sarhisob qilindi

Kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov raisligida IIBB YHXB tomonidan 2024 yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh boshqarma boshlig‘i YHXB zamonaviy texnika va avtomashinalar bilan taʼminlangani, xodimlarning malakasi hamda xizmat samaradorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlariga qaramay, poytaxt yo‘llarida yo‘l-transport hodisasini oldini olish borasidagi ishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini taʼkidladi.

Xususan, joriy yilning 5 oyi davomida Toshkent shahrida 393 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ularda 29 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 364 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. YTHning 240 tasi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. YTHning sabablari tahlili qilinganda, haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalarga rioya qilmasligi, piyodalarning belgilanmagan joylardan yo‘lni kesib o‘tishi natijasida sodir etilganligi 99% holatlarda qayd etilgan.  

Poytaxt IIBB boshlig‘i YTHni oldini olish maqsadida har bir avariya o‘choqlarini tahlil qilish, tahlil asosida zaruriy chora-tadbirlarni belgilash, haydovchilar va piyodalar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bo‘yicha profilaktik targ‘ibot choralarini yana-da kuchaytirish kerakligini taʼkidladi.

Uchrashuvda shuningdek, Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish  bo‘limi faoliyatiga to‘xtalib, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda xodimlar o‘rtasida korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida “Yunusobod”, “Chilonzor”, “Uzbum-Mirobod”, “Fayzobod” ro‘yxatlash bo‘linmalarida 3 bosqichli yangi elektron tizim joriy etilganligiga alohida to‘xtaldi. Bunda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron qurilmalar va Yagona elektron tizim orqali amalga oshirilishi nazarda tutilganligi, biroq ayrim hollarda xodimlar tomonidan bu tizimdan to‘liq foydalanilmayotganligi tanqid qilindi.  

Yig‘ilish so‘ngida general-mayor A.Tashpulatov sohaviy xizmatning barcha mutasaddilari o‘zlariga biriktirilgan yo‘nalish bo‘yicha ishni jadallashtirishi, har bir rahbar va xodimlar tomonidan kasb madaniyati va xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lishlari, noqonuniy xatti-harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymasliklari, faoliyat samaradorligini oshirish to‘g‘risida bir qator ko‘rsatmalar berib o‘tdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech