17 Iyul 2024 Yil 987

Jizzakiligi pand berdi

Jizzakilik yaxshilikka olib kelmaydi. Inson har qanday vaziyatda o‘zini qo‘lga olishi, og‘ir-vazminlik bilan muammoni hal etishi kerak.

2022 yilning dekabr kunlarining birida oilasi bilan  Uchtepa tumanida joylashgan “Farhod” bozorida ro‘zg‘or yumushlari bilan yurgan Shohruh ilgaridan tanish bo‘lgan Mirjalolni uchratib qoldi. Mirjalol tanishining  go‘zal ayoli va qo‘g‘irchoqdek qizini ko‘rib hasadi keldimi nojo‘ya hazil qildi. Bu Shohruhning hamiyatiga tegdi va o‘rtada kelishmovchilik chiqdi. Og‘zaki boshlangan janjal mushtlashuvga aylandi. Shohruh o‘zini tuta olmay Mirjalolning yuziga musht tushirdi, u ham qarab turmay, duch kelgan joyiga zarba bera boshladi. Jangovar sport usullaridan xabardor bo‘lgan Shohruh raqibini dast ko‘tarib, yelkasi osha asfalt betonga urdi. Bozorda o‘z yumushlari bilan yurgan fuqarolar tomoshabin bo‘lmay, zudlik bilan “tez yordam” va ichki ishlar idoralariga qo‘ng‘iroq qilishgani sababli fojianing oldi olindi.

– Tergov jarayonida Mirjalolga og‘ir tan jarohati yetkazilgani, mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizini yo‘qotganligi maʼlum bo‘ldi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shahzodbek Yusupov. – Shohruh jangovar sport turlari bilan shug‘ullangan shaxslarning mazkur usullarni faqat o‘zlarini himoya qilish uchun  qo‘llashi haqida unutgan ko‘rinadi. Aslida bu holatni janjal darajasiga yetkazmay, tinch yo‘l bilan hal qilishning imkoni bor edi. Shohruhning jizzakiligi o‘z hayotining maʼlum muddatini oilasidan ayro o‘tkazishiga sabab bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining hukmiga ko‘ra Shohruh O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasida (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi hamda olti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech