17 Iyul 2024 Yil 1049

Yigirma uch yoshida, shuncha firib boshida

Ayrimlar kimdandir lafz qilib omonat olsa, to uni egasiga bus-butun qaytarmaguncha tinchi yo‘qoladi. Yegan-ichganida, yurish-turishida, uyqusida halovat bo‘lmaydi. Aslida oldi-berdining qiymati shunda. Biroq Elshodbek yosh bo‘lsada, vijdonini allaqachon shaytonga sotgan ko‘rinadi. Yo‘qsa, tanishi Diyoriddinni bir oyga qolmay "Cobalt" avtomashinasini olib berishga ishontirib, 13.000 AQSH dollarini olarmidi?! Ishonchli chiqishi uchun o‘z pasportining nusxasi orqasiga tilxat yozib berarmidi?! Katta-katta harflar bilan “2022-yil 27-oktyabr” deb yozib, jimjimador imzosini ham qo‘yishni unutmadi. Shu o‘rinda Diyoriddinning ham qilmishini oqlab bo‘lmaydi. Firibgarlarning firibi haqida sira eshitmagan odamday, shuncha pulni bir beburdning pasport nusxasi-yu, imzosiga almashtirganiga hayron qolasan. Rasmiy dilerlik avtosalonlari, banklar orqali avtomashinalarni qonuniy sotib olish imkoniyatlari bo‘la turib, noqonuniy yo‘l tutgani ajablanarli.


– Baʼzan ortiqcha ishonuvchanlik, soddalik, o‘zgalarning imkoniyatlariga yuqori baho berish yoki erinchoqlik, o‘z zimmasidagi masʼuliyatni boshqalarga yuklash ana shunday noxush oqibatlarga olib keladi. – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Rustam Jepbiyev.– Diyoriddin avtosalonlarga borishga eringanmi, hujjatlar to‘plab vaqtim ketadi, deb o‘ylaganmi, o‘z zimmasidagi ishni “oson” hal qiluvchi Elshodbekka ishonib topshirgan. Elshodbek esa pul qo‘liga tushishi bilan vaʼdasini unutib, o‘z ehtiyojlarini qondirish bilan mashg‘ul bo‘lgan.


Shu o‘rinda yigirma uch yoshida o‘z tanishini aldab, shuncha pulni havoga sovurgan, biror kasbning etagidan tutmagan yigitning ota-onasi farzandidan bu pullarni qayoqdan olganligi haqida so‘rab-surishtirmagani, qiziqmagani taajjubli.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi Elshodbekning qilmishini qonuniy ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. U tomonidan yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, sud unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, ikki yil-u olti oyga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech