21 Yanvar 2025 Yil 281

Jahonda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi psixofaol moddalar iste'molchilari hissasiga to‘g‘ri keladi

Bugungi kunda kimyoviy qaramlikning eng tez tarqalib borayotgan turi – bu psixofaol moddalarga ruju qo‘yishdir. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyoda 300 millionga yaqin odam giyohvandlik illatiga yo‘liqqan. Ularning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etmoqda. Giyohvandlik oqibatida har yili 600 mingdan ortiq odam hayotdan erta ko‘z yumadi.

Xalqlar va millatlar kelajagiga raxna soluvchi ushbu illat yurtimiz yoshlarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘p qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan yoshlarni aldov yo‘li bilan ushbu boshi berk ko‘chaga kirituvchi shaxslarning soni kundan-kunga ortib bormoqda.

Psixofaol moddalar – markaziy asab tizimiga o‘ziga xos ta'sir ko‘rsatadigan, muntazam ravishda iste'mol qilganda ruhan va jismonan qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan, kelib chiqishi tabiiy yoki sintetik kimyoviy moddalardir. Bularga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar hamda kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari kiradi.
Psixofaol moddalarni “savdo”si Internet tarmoqlariga ko‘chishi, uning yanada keng qamrovli “tovar”ga aylanishiga, bu esa, o‘z navbatida, ushbu moddalarni iste'molini va ular bilan bog‘liq huquqbuzarliklar hamda jinoyatlar sonini keskin o‘sishiga olib keldi.

Mamlakatimizda huquq-tartibot idoralari tomonidan psixofaol moddalar sotuvchi shaxslarni aniqlash va ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, shunga qaramasdan og‘ufurushlar noqonuniy faoliyati shaklini muntazam o‘zgartirib, yangi-yangi yoshlarni o‘z tuzog‘iga ilintirmoqda.

Shu bois, yoshlar bilan ishlovchi barcha davlat va nodavlat tashkilotlari birgalikda samarali hamkorlik qilib, psixofaol moddalarga ruju qo‘yish illatini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirishi lozim.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida yaqin kunlarda batafsil ma'lumot beramiz, bizni kuzatib boring.

Barcha yangiliklar

Text to speech