9 Noyabr 2024 Yil 675

Ishq yo‘lidagi “qurbon”

Mardon shahri azimga ish qidirib kelgandi. Taʼbiga to‘g‘ri keladigan osongina ish topdi. Kechki 22:00 dan tungi 24:00 gacha avtoturargohda ishlaydi, kuniga 50-60 ming so‘m puli bor. Bu orada bir qiz bilan tanishdi. O‘z sevgisini bildirish uchun unga qimmatroq buyum sovg‘a qilishni rejalashtirdi. Hamkasblaridan qarz so‘ragandi lekin ulardan pul chiqmadi. Hamqishlog‘i 2005-yilda tug‘ilgan Umidning oldiga bordi. Uning ham puli yo‘q ekan. Tunda ikkisi bosh qashib, o‘z ijara uylariga yo‘l olishdi.Uchtepa tumanidagi 21-mavzeda joylashgan uylar orasidan o‘tib ketayotib, masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan 1997-yilda tug‘ilgan Y. Azamatga biriktirilgan "Damas" avtomashinasiga ko‘zi tushdi. Gapni bir joyga qo‘yib unga yaqinlashsa, yukxona eshigi ochiq ekan. Yukxonadan salonga o‘tishdi. Haydovchi qo‘shimcha kalitni qoldirib ketganidan foydalanib, uni haydab ketishdi. Mirobod tumani Amir Temur xiyoboniga yetganlarida, motori o‘chib qolgach, shu yerda tashlab ketishga qaror qilishdi. Avtomashina ichidagi 2 dona maxsus qora jomadanda quyosh panellarini o‘rnatishda foydalaniladigan uskunalarni olishni esa unutishmadi. Narxi 300 AQSH dollari bo‘lgan bu moslamaning nima ekanligini bilmagan ikki gumroh uni 100.000 so‘mga sotib yuborishdi. Ertasi kuni, yaʼni 2023-yilning 25-avgustida Mardon yana Umidning yoniga bordi. Yana o‘sha yerdan o‘tib ketishayotganida L.Shohjahonga tegishli bo‘lgan "Damas" avtomashinasini mo‘ljalga olishdi. Eshiklari ochiqligidan foydalanib, salonni tita boshlashdi. Salon tepa qismidagi g‘ilof ichidan 3.500.000 so‘m pulni o‘g‘irlab juftakni rostlashdi.

— Mardonning jinoiy sherigi Umid ilgari o‘g‘irlik uchun sudlangani, 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganiga qaramay o‘ziga xulosa chiqarmaganligi va yana jinoyatga qo‘l urgan. Tergov jarayonida uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish zarurati yuzaga kelganligi va bu ko‘p vaqt talab qilganligi sababli uning ishi alohida yurituvga olindi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant B.Nozimov. – Jinoyat ishining Mardonga taalluqli qismi esa sudga oshirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 2006-yilda tug‘ilgan F.Mardonning qilmishini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (“O‘g‘irlik”), 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli deb topildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech