3 Avgust 2024 Yil 808

Ish quroling soz bo‘lsa ...

... mashaqqating oz bo‘lur, deydi xalq naqli. Agarda bu – uzoqni yaqin qiladigan, harakatlanishni tezlatadigan ulov bo‘lsa ayni muddaodir. Aslida avtomashinaga qiziqmagan o‘g‘il bola bo‘lmasa kerak. Maʼruf Yuldashev otasi Dorob akaning avtomashinaning hali u, hali bu joyini kavlayotgan, ehtiyot qismlarini almashtirayotgan, mashina atrofida kuymalanayotgan holda ko‘rib voyaga yetdi. O‘zi ham otasining oldida o‘ralashib, sal esi kirgach, yordam bera boshladi. Uning avtomashina, texnika vositalariga qiziqishi  Toshkent Avtomobil yo‘llari kasb-hunar kollejiga yetakladi. Uni  tugatib, O‘zbekiston Qurolli kuchlari safida yigitlik burchini o‘tab qaytgach,  IIV huzuridagi “Qo‘riqlash” bosh boshqarmasi komendaturasiga ishga kirdi.  2021 yildan esa poytaxt IIBB MvaMTTB Transport taʼminoti bo‘limi texnigi lavozimida o‘zining sevimli mashg‘uloti bilan band bo‘ldi. Safdor M.Yuldashev bugungi kunda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi balansidagi barcha turdagi xizmat avtomashinalarining shayligi, texnik sozligini taʼminlash borasida xizmat qilib kelmoqda.

– Ayni kunlarda  Bosh boshqarmadagi mavjud barcha transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, – deydi o‘z xizmati haqida Maʼruf Yuldashev. – Uning sifatli va to‘liq o‘tkazilishi, xizmatning tezkorligi va ish samaradorligini oshirishda katta ahamiyatga ega. Ko‘rik vaqtida  aniqlangan kamchilik va nosozliklar  joyida bartaraf etiladi. Aytish mumkinki, boshqarmada transport vositalarining benuqson ishlashi uchun zarur ehtiyot qismlari mavjud bo‘lib, amal qilish muddatiga qarab muntazam ravishda yangilanib boriladi.

Bo‘lim rahbariyati tomonidan haydovchilar bilan xizmat transport vositalaridan foydalanishda ularni avaylash, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik, hamisha ozoda tutish borasida eslatmalar berib boriladi. Holbuki, xizmat avtomashinalari yo‘llarda kichiklarning hamda kattalarning ham eʼtiborini tortadi. Shuningdek, hamma qatori yo‘l qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi. Bu kabi ishlarni olib borishda Maʼrufning ham hissasi kattaligini eʼtirof etish lozim. O‘z ishiga katta masʼuliyat bilan yondashgan Maʼruf texnikalar sirini yana-da ko‘proq o‘zlashtirish maqsadida, Toshkent Axborot va texnologiyalari universitetida sirtdan taʼlim olib, muhandislik diplomiga ega bo‘ldi. Tirishqoq, izlanuvchan Maʼrufning kelajakda orzulari ushalishiga shubha yo‘q.


Barcha yangiliklar

Text to speech