Firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari uchun sudlanib jazoga tortilgan Bunyod tavba qilish o‘rniga – muqaddam sudlanganlik holati bo‘yicha sud hukmi bilan tayinlangan jazoni to‘la o‘tamasdan turib – yana jinoyatga qo‘l urdi. Voqea esa bunday bo‘lgandi.
Bunyod joriy yilning 18 fevralida oldindan tanish bo‘lgan Ikromning uyida tunab qoladi. Tongga yaqin uy aʼzolarining uyquda yotganligidan foydalanib, uy bekasi Dilafro‘zning yostig‘i tagidagi narxi 13.000.000 so‘m bo‘lgan bir dona “Iphone 13 Pro” telefonini, yo‘lakda shkaf ustida turgan “Iphone 14 Pro” telefoni qutisini o‘g‘irlaydi. Uni sotish uchun do‘konlarga kirib tavsiya qilganda, sotuvchilar telefon qutisi boshqa telefonniki ekanligidan shubhalanib rad etishadi. Rejasi amalga oshmagan Bunyod ko‘chadagi nomaʼlum shaxslarga sotishga uringanda ular telefon kodga tushib qolganligi sababli ishlata olmay xarid qilishmaydi.
– Uy aʼzolari tongda telefon yo‘qligini bilgach, birgina shaxs – Bunyoddan gumonlanib, Yunusobod tumani ichki ishlar organlariga murojaat qilishadi. Zudlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida Bunyod ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi, – deydi Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant ya.Qahramonov. – O‘g‘irlik qilayotganida, telefonni sotaman-u ham pullik bo‘laman, ham jazodan qutilib qolaman, deb o‘ylagan Bunyod ashyoviy dalildan qanday qutilishni bilmay fig‘oni falakka chiqib turganda, ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan Bunyodning qilmishi ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topildi va muqaddam sudlanganlik holati bo‘yicha sud hukmi bilan tayinlangan jazoni to‘liq o‘tamasdan turib, qasddan yangi jinoyat sodir etganligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 60-moddasi tartibida uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.