4 Noyabr 2024 Yil 688

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo

        Shavkat Shomatovlar oilasida tibbiyot sohasiga ko‘proq yonbosishlik kuzatilardi. Darhaqiqat, odamlarning dardiga malham bo‘lish, dardini aritish, sog‘liq ulashishdek ezgu va savobdan katta baxt yo‘q. Oila kattalari tibbiyot sohasida  halol mehnat qilib, kasbidan obro‘ va  eʼtibor topib kelayotgani ham bunga misol edi. Biroq Aziz Shomatov o‘rta maktabni bitiriboq Respublika Qurolli kuchlar safida o‘z yigitlik burchini o‘tashga oshiqdi. Holbuki, u maktab chog‘laridanoq bo‘lajak kasbini tanlab bo‘lgan edi. Vatan tinchligi-osoyishtaligini asrash, jinoiy illatlarga qarshi kurash,  yurtdoshlarini jinoiy tahdidlardan himoya qilish ham el sog‘lig‘ini himoya qilishdan farqlanmaydigan kasb. Aziz 1996 yili yigitlik burchini o‘tab qaytgach, Sobir Rahimov tumani ichki ishlar  bo‘limiga (hozirgi Olmazor tumani) hujjatlarini topshirdi. Tuman IIB navbatchilik qismi navbatchi militsioneri lavozimida ish boshladi. Ilk ustozi navbatchi, kapitan  Hamdam Qarshiyevdan sohaning o‘ziga xos jihatlarini  tirishqoqlik va qunt bilan o‘rgandi. Bu orada ustozining maslahatlariga quloq tutib, ham tajribasi, ham maxsus maʼlumotini oshirib bordi. Ko‘p yillar tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori lavozimida ham faoliyat yuritdi. Bu xizmat yillarini Aziz o‘zgacha xotiralar bilan eslaydi. Juda ko‘plab insonlar taqdiri va hayoti bilan tanishdi, turfa feʼlli shaxslarning turish-turmushi, fikrlashi va ongi birda uni hayratga solgan bo‘lsa, birda chuqur o‘ylashga undadi. Keyinchalik bu o‘zlashtirgan hayotiy va  kasbiy tajribalari nafaqat o‘zining, balki o‘zgalarning ham muammolariga to‘g‘ri yechim topishiga, jo‘yali maslahatlar berishiga xizmat qildi. Sinchkovligi hamda ziyrakligi tufayli ko‘plab jinoyatlarning oldini olib, IIBB rahbariyatining tashakkurnomalari va faxriy yorliqlariga sazovor bo‘ldi. Ishxonada bo‘lgani kabi, mahallada ham obro‘-eʼtibor qozondi.


        Ayni damda Aziz Shomatov muazzam shahrimizning Olmazor tumani  1-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchi katta inspektori lavozimida xizmatni davom ettirib kelmoqda. Bu orada ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.  Mayor Ilhom Abdurahmonov, erta-indin zobitlik unvonini oladigan Jamshid Ergashev va boshqa ko‘plab shogirdlari ustozi Aziz Shomatovni iliqlik bilan tilga  olishadi.


       – Aziz aka juda talabchan va qattiqqo‘l ustozdir. Ularning soha bo‘yicha tajriba va malakasidan tashqari  hayotiy tajribalari ham eʼtirofga loyiq, – deydi Jamshid. – Hammamiz insonmiz. Turmushda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Aziz akaning har bir vaziyat va sharoitga teran va adolatli qarashi, to‘g‘ri maslahatlari bizlarga ayrim xizmat va turmush qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam beradi. Shu bois nafaqaga chiqishini ham kechiktirish tarafdorimiz.


       Aziz aka xizmatni sidqidildan ado etish bilan birga oila, farzand tarbiyasini ham birgalikda uyg‘un olib borishga intildi. Turmush o‘rtog‘i Nigora opa bilan uch farzandining el-yurtga nafi tegadigan, barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta eʼtibor berishdi. Bugun uch farzandi ham oliy o‘quv yurtlari talabalaridir. Oila mahallada o‘z o‘rni va salmog‘iga ega. Aziz aka mahalla ahlining yig‘inu tadbirlarida ham bosh-qosh. Bir so‘z bilan aytganda ibrat olsa arzigulik oila.

Barcha yangiliklar

Text to speech