21 Avgust 2024 Yil 858

Ikki gumroh birlashsa ...

Begzod ilgari giyohvand va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangandi. Ozodlikka chiqib ham hayotini izga solish haqida jiddiy bosh qotirmadi. 2023 yilning 23 fevralida  tanishi Hakimjon bilan birga Sergeli tumanida joylashgan 5-metro bekati yonida o‘z uyali telefonini  sotayotgan Hasanbekni ilondek avrab, “Redmi note 8 pro” telefoni uchun 1.400.000 so‘mni 28 fevralda berishga qasam ichib, telefonni qo‘lga kiritadi. Bir soat o‘tar-o‘tmas uni boshqa bir shaxsga pullab, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborishadi. Hasanbek  pullarini kuta tursin, Begzod va Hakimlarning keyingi qilmishlariga to‘xtalamiz.

Yana pulsiz qolgan ikki do‘st pul topish yo‘llarini izlash bilan ovora. Bir-birini to‘g‘ri yo‘lga boshlab, ishga joylashish – nima ko‘p ish eʼlonlari ko‘p – halol pul topish imkonini qidirish o‘rniga o‘zgalarning cho‘ntagiga ko‘z olaytirish, peshona terisi evaziga topayotgan pullarga ega chiqish haqida qayg‘urishardi. Hakimjon bir tanishining qandolat mahsulotlarini olib sotish orqali ancha pul ishlab olganligi haqida gapirib berganini esladi. Erinmay uni qidirib topib, ishonchiga kirib, 86.000.000 so‘mlik mahsulotlarga buyurtma berishdi. Ishlab chiqaruvchiga nima – mahsulotlarini  tezroq sotsa, ko‘proq sotsa. Shu bois 86 million so‘mlik mahsulotlarga xaridor ular uchun ayni muddao edi. Vaʼda – puli mahsulotlar manzilga yetkazilgach beriladi. 6 mart kuni Qurbonga tegishli qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli Feruzbek boshqaruvida bo‘lgan avtomashinaga yuklar ortildi. Haydovchi mijozlar aytganidek, yuklarni 3ta manzilga bo‘lib-bo‘lib tarqatishi, so‘ngisida pullarni olishi lozim edi. Mahsulotlarning 56.000.000 so‘mlik qismi ikkita manzilda tushirib olindi. Keyingi uchinchisida yigitlar “siz tushirib turing, hozir hisob-kitob qilamiz”, deyishdi-Yu, g‘oyib bo‘lishdi.

— Sheriklar, tovar olingani haqida hech qanday isbotlovchi hujjat yo‘q, masʼuliyati cheklangan jamiyat qonunni buzgani uchun o‘zlari javobgarlikka tortiladi, tekshir-tekshirdan qo‘rqib, bu haqda ovoza qilmaydi, deb o‘ylab, xatoga yo‘l qo‘yishgan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Nuriddin Teshabayev. – Chunki, jamiyat haydovchisi mahsulotlarni tushirgan manzilda mahsulotlardan asar ham yo‘q edi. Ular izlarni yo‘qotib, o‘zlari uchun dalil tayyorlashgandi. Hiyladan maqsad ham shu edi. Biroq ularning rejalari ashyoviy dalillar, guvohlar va o‘tkazilgan ekspertizalar natijasida fosh etildi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha  Chilonzor tumani sudi Begzod va Hakimjonlarning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi, oilaviy sharoitlarini inobatga oldi. Begzodni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”)  bilan aybdor deb topib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda,  2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlariga; Hakimjonni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topib, ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 3 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech