12 Iyul 2024 Yil 936

O‘qish va izlanishdan to‘xtamang!

         Uzoq yillar sog‘liqni saqlash tizimida oddiy haydovchi bo‘lib ishlagan Jannatali aka va farzandlar tarbiyasi bilan band bo‘lgan Manzura opalar to‘rt farzandning kenjasi ichki ishlar idoralariga xizmatga kirishi haqida aytganida o‘ylanib qolishdi. Katta masʼuliyat va sabr-matonat talab qiluvchi kasb mashaqqatini o‘g‘li ko‘tara olarmikan?! Erta ketib kech kelishiga, dam olish kunlarisiz ishlashiga o‘zlari ko‘nika olisharmikan?! Shu o‘y-hayollari haqida o‘g‘li bilan bo‘lishishganda, u qatʼiy ravishda ikkilanishga o‘rin yo‘qligini bildirdi. Ota-onasining oq fotihasini olgan Abdullajon Jannataliyev O‘zbekiston Milliy Universitetini bitiruv diplomini qo‘lga olgan hamon poytaxt  IIBBga hujjatlarini topshirdi. Tegishli qabul jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yigit Uchtepa tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Yosh, kuch-g‘ayratga to‘la yigitchani o‘sha vaqtdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi  boshlig‘i Bahodir Anvarov shogirdlikka oldi.  Kasbning sir-asrorlari, xizmat ko‘nikmalarini sabr bilan shogirdiga singdirib bordi. Abdullajon  tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi bois ustoz o‘gitlari va tajribalarini egallab ishda yaxshi ko‘rsatkichlarga erisha boshladi. Xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, vazifalarini vijdonan bajarayotgan xodim rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. Ko‘p vaqt o‘tmay u poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori lavozimiga  tayinlandi. Albatta, uning xizmat doirasi kengayib, ish hajmi yana-da ortishi bilan birga masʼuliyati ham ortdi.


       Poytaxt IIBB HPBda bosh inspektor lavozimida ishlovchi podpolkovnik Alisher Abdugapparov  tumandan kelgan yosh xodimga ustozlik qilib, boshqarmada olib boriladigan xizmat vazifalarini puxta egallashiga ko‘maklashdi.  


         2022 yilda Abdullajon IIBB  maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati katta inspektor lavozimiga  o‘tkazildi.  Bu yerda  mayor Farhod Ikramovdan sohaning  o‘ziga xos jihatlarini o‘rgana boshlandi.


        – Har bir sohaning o‘zlashtiradigan jihatlari, qiyinchiliklari bor. Albatta, ustozdan bilim va tajribasini qabul qilish juda katta ahamiyatga ega, – deydi  kapitan Abdullajon Jannataliyev. – Xodimlar bilan ishlash bu – xodimning ishga olinishidan boshlab, to nafaqaga chiqqunga qadar bo‘lgan jarayonni  sinchiklab o‘rganib, kuzatib borishdan iborat. Bu davrda uning ishiga baho berish, rag‘batlantirish yoki jazolash, oilaviy shart-sharoitlari, sog‘lig‘i kabilarga, maʼnaviy va jismonan tarbiyasiga ham javobgar hisoblanasiz.


        Ha, qahramonimiz aytganidek, har bir sohaning o‘ziga yarasha  mashaqqati, o‘rganiladigan va o‘zlashtiradigan jihatlari ko‘p.  Lekin bir narsa hammasi uchun umumiy, bu ham bo‘lsa  muntazam o‘qish va izlanishdan to‘xtab qolmaslikdir.

Barcha yangiliklar

Text to speech