5 Sentyabr 2024 Yil 764

Hoyu-havaslarga erk berilsa...

Kishining imon-eʼtiqodi mustahkam bo‘lsa, uni bu hayotning yengil-yelpi, aldamchi Hoyu-havaslari yo‘ldan og‘dirolmaydi. Diyor tuppa-tuzuk oila farzandi, bir farzandning otasi, topgani oilasiga yetayotgandi. Nima bo‘ldi-yu ko‘ngli ko‘chadagi “hurliqolarni” istab qoldi. Hammasi shundan keyin, yaʼni, haloli qolib haromga intilganidan boshlandi. Uydan baraka uchdi. Oxir oqibat ... Keling, uning “o‘tkir hissiyotlar”ga intilgan xomxayollari qanday tugagani haqida bir boshdan hikoya qilaylik.

Diyor 1994 yilda tug‘ilgan. Maʼlumoti o‘rta. Ochiqko‘ngil, mehnatkashligi, katta-kichikka hurmat bilan muomala qilishi tufayli tanish-bilishlari uni ishsiz qo‘yishmadi. Maoshi yaxshi ish topib berishdi. Uylandi, baxtiga rafiqasi saranjom-sarishtali, kamsuqum, tejamkor, sabrli ayol chiqdi. Bir farzandli bo‘ldi. Ehtimol, uning o‘rnida boshqa bo‘lganida hayotidan mamnun, shukronasini qilib,tinch-totuv yashardi. Uning esa ko‘ngli o‘tkir hissiyotlar talabida – boshi yop-yorug‘ jilvakor, ammo oxiri qop-qorong‘u va xatarli bo‘lgan ko‘chaga yetakladi. O‘zini badavlat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan Diyorning atrofida o‘ralashgan “xonimchalar”, vaqt o‘tib, cho‘ntagini qoqib bo‘lgach, uni boshqa “ovchi”ga topshirishdi. Bu giyohvand  va psixotrop moddalar isteʼmol qiluvchi 1977 yilda tug‘ilgan, oilali, Murod edi. Murod ilgari bosqinchilik, o‘g‘irlik, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish kabi jinoyatlarni sodir etib, bir necha bor qamalib chiqqandi. Avval Diyor o‘z isteʼmoli uchun Muroddan giyohvand moddalarini sotib olib yurdi, keyinchalik sotib olishga qurbi yetmagach, o‘zi sotishni maqsad qildi. Taqdir charxpalagini ko‘ring-ki, boshida Muroddan og‘u sotib olib yurgan Diyor endi unga o‘zi sota boshladi. 2023 yilning 9 yanvar kuni soat 16.30 larda Mirobod tumani IIO FMB xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirda Murodning mashinasi chap eshigi qismidan Diyordan sotib olingan 3.200.000 so‘mlik 15.98 grammni tashkil etuvchi “marixuana” moddasi topildi.

– Tergov jarayonida Diyor  yuqoridagi marixuana giyohvandlik moddasini Sanjar ismli shaxsdan 2.000.000 so‘mga sotib olib, Murodga 3.200.000 so‘mga pullagani aniqlandi, – deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Mehroj Xidirov. – Tergov jarayonida Murod Diyorga qaraganda o‘zini juda tajovuzkor tutdi, ayblovlarni inkor eta boshladi. Bu uning qamoqda o‘tirib “to‘plagan tajribasi” ekanligidan dalolat, shunday qilsam, jazodan qutulib qolaman deb o‘yladi. Afsuski, buning o‘rniga to‘g‘ri yo‘l tanlaganida o‘zi uchun koni foyda bo‘lardi.   

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi Diyorni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybdor, deb topdi. Sud Diyorning muqaddam sudlanmagani, jinoyatni ochishda faol yordam bergani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi, chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining  57-moddasini qo‘llab, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Shuningdek, Murod Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topilib, 57-moddasini qo‘llab, 7 yil ozodlikdan mahrum qilindi. Sanjar ismli shaxsning shaxsini to‘liq aniqlash maqsadida tergov harakatlari davom etmoqda. 


Barcha yangiliklar

Text to speech