2 Avgust 2024 Yil 877

“Hotamtoy” firibgar

Mirahmad ilgari ham firibgarlik jinoyati sodir qilganligi uchun bir necha bor ozodlikdan mahrum qilingan edi. Panjara ortidagi erkinsizlik, mahzun hayot umr, turmush, emin-erkinlik haqidagi tushunchalarini o‘zgartirmagan ekanki, yana “eski hunarini” ishga soldi.

U 2022 yilda Olimdan muddatli to‘lov asosida 13 oy muddatga “Lacetti” avtomashinasini xarid qilgandi. Tanishi Farhod avtomashina sotib olish niyatida ekanligidan xabar topgach, uning yo‘lini poyladi. 2023 yilning 21 iyunida go‘yoki tasodifan uchrashib qolgandek o‘zini ko‘rsatib, u yoq-bu yoqdan gap ochib, axiyri gapni avtomashina mavzusiga taqadi.

– Kuni kecha 15 ming AQSH dollari taklif qilishganda sotmagan edim. Mayli, sen o‘z og‘aynimsan, senga buyurgan ekan, 14.700 dollar beraqol. 300 dollar mendan senga hadya.

– Lekin hozircha, 9 ming dollarim bor xolos...

– E-e, seni bilmasam ekan, pul sendan aylansin. O‘rtamizda qolib ketarmidi, topganingda beraverasan, – dedi Mirahmad.

Uning samimiy so‘zlari shundoq ham pul topolmay qiynalayotgan Farhodga malham bo‘ldi. "Topganingda ...", deyapti-ku! Yana kim bunday yaxshilik qiladi?! Go‘yoki, pulni sal kechiktirib bersa, avtomashinadan ayriladigandek, Farhod  zumda uyiga borib, pulni keltirib berdi. Shu-shu mashina g‘avg‘osi boshlandi. Avvaliga vaqti yo‘qligini bahona qilib, bugunni ertaga, ertani indinga, indinni haftalarga cho‘zayotgan Mirahmad oxiri telefonnini ko‘tarmay, uyiga borsa eshigini ochmay qo‘ydi. Farhod tushundiki, aldanibdi...

— Notarial idora orqali oldi-sotdi shartnomasi tuzilayotganda hisob-kitob qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu haqda idora xodimi ham so‘rashi shundan. Odam odamga ishonishi kerak, albatta, ammo o‘rtada katta miqdordagi pul turganda, ehtiyotkorlik bilan qonun doirasida ish ko‘rish maqsadga muvofiqdir, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Baxtiyor Abdullayev. – Agar inson qalbida imon-eʼtiqod, insof, halollik bo‘lmasa, kattami, maydami pulni ko‘rganida niyati buzilishi tayin. Firibgarning peshonasiga “firibgar”, deb  yozib qo‘yilmagan-ku axir.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi Mirahmad tomonidan sodir etilgan navbatdagi firibgarlik jinoyatini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi.  JKning 57-moddasini qo‘llab, yetkazilgan moddiy zarar qisman qoplanganligini inobatga olib, bazaviy hisoblash miqdorining 170 baravari miqdorida jarima  tayinladi hamda JKning 73-moddasiga asosan o‘talmagan  jazo muddatini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil  bazaviy hisoblash miqdorining 109,5 baravari, yaʼni 36.135.000 so‘m jarima va bir yilu yetti oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech