Mamlakatimizda ayollarning sog‘lomligi, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faolligini kuchaytirish maqsadida sportga jalb qilish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Toshkent shahar IIBB tomonidan ichki ishlar organlarida faoliyat ayol xodimalar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” tanlovi o‘tkazildi.
Unda poytaxt ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan 120 nafar ayol xodimalardan iborat 12 jamoa ishtirok etdi. Musobaqaning birinchi kuni har bir jamoadan 5 nafar ayol “AK-74” avtomati va “PM-9 Makarov” to‘pponchasidan amaliy o‘q otish mashqlarini bajardilar.
Musobaqaning ikkinchi kunida Toshkent shahar IIBBga qarashli sport maydonida yaradorlarga (jarohatlanganlarga) birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va shartli jang maydonidan olib chiqish kabi ikki turdan iborat shartlar ijro etildi. Unda har bir jamoadan 2 nafar ishtirokchi va 2 nafar assistent (yordamchi) ishtirok etishdi. “Dinamo” sport majmuasi suv havzasida erkin uslubda 50 metr masofaga suzish bo‘yicha o‘tgan musobaqada esa har jamoadan 2 nafar xodima birinchilik uchun bellashishdi.
Musobaqaning uchinchi kuni har jamoadan 4 nafar musobaqa qatnashchilari turli masofalarga yugurish poygasida birinchilik uchun kurash olib borishdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra 1-o‘ringa ikki xizmat terma jamoasi –IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi va Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik batalyoni terma jamoalari, 2-o‘ringa Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB terma jamoasi va faxrli 3-o‘ringa Sergeli tumani IIO FMB terma jamoasi munosib topildi.
Jamoalar Bosh boshqarma rahbariyati tomonidan tegishli diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.