15 Iyun 2024 Yil 681

Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!

2024 yilni Yurtboshimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb  eʼlon qilinishi munosabati bilan yoshlarni  vatanparvarlik, xalqparvarlik ruhida tarbiyalash, baxtli, farovon kelajagimizning munosib quruvchilari bo‘lishini taʼminlash borasida respublikamizda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu xayrli ishlardan ichki ishlar idoralari xususan, Toshkent shahar IIBB rahbariyati va shaxsiy tarkibi chetda qolayotgani yo‘q.


Poytaxt Bosh boshqarmasida ana shu maqsadlarni qamragan  “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori  ostida  maʼnaviy-maʼrifiy hamda sport tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Shahri azim tumanlaridan  ko‘plab yoshlarni jamlagan ushbu tadbirlar yoshlarning  huquqiy savodxonligi, saviyasini, tadbirkorlik faoliyatini yuritish kabi bilimlarini baholashga qaratilgan bahslarga boy bo‘ldi. Bahslar natijasiga ko‘ra:


– “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan holi mahalla” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni Yunusobod tumani “Yangiariq” MFY faollari qo‘lga kiritdi;


– “Yoshlarga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor” nominatsiyasi g‘olibi, deb Uchtepa tumanida joylashgan  “Magic Galaxy” MCHJ rahbari Sodiqjon Xusenov topildi;


– Olmazor tumani jamoasi esa bilimdonlar o‘yini bo‘lmish “Zakovat” bahsida  hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb eʼlon qilindi.


“Yosh huquqshunos” ko‘rik-tanlovida Mirzo Ulug‘bek tumani yoshlari, 14-18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar ishtirokidagi tanlovda   Muhammadyusuf Qosimaliyevga, 18-30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda Saida Sattarovaga teng keladigani topilmadi.


Barcha nominatsiyalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech