25 Dekabr 2024 Yil 229

Havas yetaklagan matlab

Aziza Yusupova huquq-tartibot sohasida ishlaydigan ayol-qizlarga havas bilan qarar, bir kun kelib albatta u ham chiroyli, ko‘rkam formalarni kiyib, el-yurt xizmatiga bel bog‘lashini orzu qilardi. Toshkent davlat Agrar universitetining iqtisodiyot fakultetida tahsil olarkan, o‘z sohasining mutaxasssisi bo‘lish uchun qunt va ishtiyoq bilan o‘qidi. Oliygohni bitirgach esa bir muncha vaqt o‘tib, Toshkent shahar IIBBga ishga kirish haqida ariza bilan murojaat qildi. Aziza 2011 yildan buyon Bosh boshqarmada samarali mehnat qilib kelmoqda. Ilk faoliyatini ustozi bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Nodira Rasulevaning bevosita qat'iy nazorati ostida o‘rgandi. Nodira Anvarovna bo‘lim boshlig‘i bo‘lish bilan birga IIBB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kengash raisi bo‘lganligi sababli, u ichki ishlar organlari ayollarining yurish-turishi, muomalasi, madaniyati, kasb odobnomasiga, ijro intizomiga rioya etish kabi ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirdi. Bu esa keyinchalik poytaxt tumanlari IIO FMBlarida Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlik lavozimlarida faoliyat yuritganida juda asqotdi. Shuningdek, poytaxt IIBB Tezkor navbatchilik qismida tezkor navbatchi lavozimida xizmat qilgan vaqtida ham o‘ta og‘ir, og‘ir jinoyatlarni issiq izidan fosh etishda faol qatnashdi. Aziza qaysi sohada faoliyat yuritmasin, unga ishonib topshirilgan vazifalarni mas'uliyat bilan, sidqidildan, bekamu-ko‘st bajarib rahbariyatning ishonchini oqlashga erishdi. Ayni paytda kapitan Aziza Yusupova poytaxt IIBB MTHPTB katta mutaxassisi lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda. Ichki ishlar organlarida xizmat yili, kasalligi yoki boshqa sabablar bilan nafaqaga chiqqan xodimlarga nafaqa pullarini hisoblash, o‘z vaqtida plastik kartalar egalariga o‘tkazish, naqd pul oluvchilarga yetkazish borasida samarali mehnat qilib kelyapti. Shuningdek, vafot etgan xodimlarning oila a'zolariga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi hamda voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy nafaqalar tayinlash, o‘qish maskanlariga ma'lumotnomalar berish kabi ko‘plab vazifalarni bajarib kelmoqda. O‘z zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish bilan birga oilasida voyaga yetmagan shiringina qizalog‘i va o‘g‘il farzandlarining ham tarbiyasiga vaqt ajratishga, yaqinlarining ko‘nglini olishga, kattalarning xizmatini qilishga, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashga erishmoqda. Aziza singari ko‘chani ham, uyni ham teng eplab kelayotgan ayollar ichki ishlarda talaygina. Biz ularning biri haqidagina so‘z yuritdik. Mana shundaylarga ergashsa, o‘rnak olsa arziydi.

Barcha yangiliklar

Text to speech