22 Iyul 2024 Yil 768

Hamma gap – tarbiyada

2023 yilning kuzi, aniqrog‘i 3 oktyabri, Ahmadjon tun qaʼrisida uyidan yashirincha chiqib ketdi. Soat tungi ikkilarga yaqin Yashnobod tumanidagi mavzelardan birida izg‘ib yurdi. Asli niyati  qarovsiz qolgan avtomashinani o‘g‘irlab qochish,  salondagi biror qimmatli narsalarni qo‘lga kiritish bo‘lgan Ahmadjon Valiyevga tegishli “Cobalt” rusumli avtomashinaning oynasi ochiqligiga eʼtibor berdi. Yaqinlashib eshigini tortgan edi, qulflanmagan, tashvishgoh o‘rnatilmagan ekan,  ochildi. Biroq uni o‘t oldira olmadi. Niyati amalga oshmagan Ahmadjon asabiylashib, avtomashina qutilarini tita boshladi. 250 ming so‘mgina pul bor ekan. Olishdan hazar qilmay, cho‘ntagiga soldi-yu juftakni rostladi. Jonini shuncha tahlikaga qo‘yib, atigi 250 ming so‘mni qo‘lga kiritgani alami unga tinchlik bermadi. Alamzada Ahmadjon 6 oktyabr kuni yana shu mavzeda paydo bo‘ldi. Soat tungi birdan oshgan. Ishdan, yumushdan charchagan poytaxtliklar uyquda. Biroq 18 yoshli, kuch-quvvatga to‘la Ahmadjon egri niyatda avtomashinalar turgan joylarda pisib yuribdi. Jahongirga tegishli “Nexia-3” rusumli avtomashinaning nafaqat eshigi qulflanmagan, hatto kaliti ham o‘t oldirgichda qoldirilgan ekan. U o‘ylab ham o‘tirmay avtomashinani haydab qochdi. O‘g‘irlik joyidan uzoqlashgach, salonni ko‘zdan kechirdi, qutilarni titib qarasa, 4.450.000 so‘m  pul bor ekan. Avtomashinani to‘xtagan joyida qoldirib, pullarni cho‘ntagiga tiqdi-da voqea joyidan yashirindi.  Oradan uch kun o‘tib yana ko‘chaga otlandi. Bu safar tumandagi Normuhamedov mavzesida o‘ralasha boshladi.  Shayton unga hamroh ekanmi, omadi keldi. Qurbonga tegishli  “Gentra” avtomashinasining kaliti joyida qoldirilgani unga ayni muddao bo‘ldi. U avtomashinani olib qocharkan, chetroqqa to‘xtab o‘rtoqlari Doniyor, Komil va Kamollarga qo‘ng‘iroq qilib ko‘chaga chiqishlarini so‘radi. Ular ham uyqusizlikdan yoki bekorchilikdan zerikayotgan ekanmi, darrov  ko‘chada hoziru nozir bo‘lishdi. Ahmadjon ularga avtomashina akasiga tegishli ekanligini aytib, shahar aylanishga chaqirdi. Avtomashina ichidan topilgan  bir million so‘mni yeb-ichib, mahoratini ko‘rsatib qo‘ygisi kelib “drayv” qilaman deganda,  Aliyev ko‘chasidagi ariqqa  tushib ketdi. O‘rtoqlar bilan birgalikda mashinani chiqarib olgach, ularni uy-uyiga eltib, mashinani  uzoqroqda qoldirib,  hech narsa bo‘lmaganidek uyiga kirdi.  

– Aybdor yosh bo‘lishiga qaramay, tergov jarayonida kiprik qoqmay “men u yerda bo‘lmaganman, hech narsa ko‘rmaganman, olmaganman, bilmayman”, deb surbetlarcha javob berishi ham kulgili, ham achinarli holdir, – deydi  Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sirojiddin Zayniyev. – Uniing o‘zini tutishiga qarab,  zo‘ravonlik, jinoyat, yengil pul topish niyatida har qanday qabihlikdan tap tortmaydigan “qahramonlar” haqidagi filmlarning yoshlar ongiga salbiy taʼsir qilayotganini anglash qiyinmas. Afsuski, yoshlar tarbiyasida hali qilinadigan ishlar ko‘p.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Ahmadjonni O‘zbekiston Respublika  Jinoyat kodeksining 267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”), 169-moddasida (“O‘g‘rilik”) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan aybdorga uzil-kesil besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech