6 Avgust 2024 Yil 878

Hamma gap “ishontirish” mahoratida

Mirsaid yog‘liroq ish topish maqsadida o‘zini har yonga urib, hali u, hali bu ishning etagidan tutib, biror joyda qo‘nim topmadi. Bora-bora bekorchilikka ham o‘rgandi. Biroq qorin tashvishidan qutulish osonmas. Bo‘sh qop tik turmas, deb bejizga aytilmagan-ku! Kiyim-bosh, kundalik ro‘zg‘or, kommunal to‘lovlar haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas.

Mirsaid 2022 yilning iyun oyida Yangihayot tumani Navqiron mahallasida joylashgan do‘konga kirib, aylanib chiqib ketayotganida tanishi Abduazizni uchratdi. Salom-alikdan so‘ng gurunglashgani yaqin atrofdagi qahvaxonalardan biriga kirishdi.  Abduaziz uy olmoqchi ekanligi, alohida ro‘zg‘or yuritmoqchiligi haqida gap ochdi. Mirsaid anchadan beri uy-oldi sotdisi bilan shug‘ullanayotgani, bankda tanishlari borligi, kam foizli kredit olib berishi mumkinligini bildirdi.

– Sen hech qayerga yugurmaysan, ovoragarchilik bo‘lmaydi. Hujjatlar to‘plash bilan o‘zim shug‘ullanaman. Faqat xizmat haqim uchun 3.100 AQSH dollari bersang bo‘ldi, uy kaliti qo‘limda deyaver.

Abduaziz aytilgan pullarni Mirsaidga eltib berdi. Oradan bir hafta o‘tmay, Mirsaid ish yaxshi ketayotgani, yana ozgina chiqim chiqqanligini aytib, 4.450.000 so‘m pul oldi va suvga tushgan toshdek ko‘rinmay ketdi.

Abduaziz uy kalitini kutib, shirin xayollar og‘ushida yura tursin, Mirsaidning keyingi “qurboni” bilan tanishaylik.

Sergeli tuman hududida joylashgan transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari sotiladigan do‘kon rastalarida aylanib yurgan Mirsaid tanishi Yo‘ldoshni uchratib qo‘yniga qo‘l soldi. Ko‘nglida shubha-gumon bo‘lmagan Yo‘ldosh mashina olish niyatida ekanligini aytishi, Mirsaid uchun ayni muddao bo‘ldi.  

– Eng yaxshisi “Spark”.  Mashina oldi-sotdisi bilan anchadan beri shug‘ullanib, ko‘plab tanish-bilish orttirdim. Olibsotarlar ichida hurmatim baland. Istagan narxingda bo‘yog‘i sinmagan, “probegi” kam, birinchi qo‘l “Spark” topib beraman, – deb Yo‘ldoshni ishontirdi u.

Yo‘ldosh 14.800.000 so‘mni qurtdek sanab Mirsaidning qo‘liga topshirarkan, qayta-qayta rahmat aytib, og‘zi qulog‘ida xayrlashdi. Bu ularning oxirgi ko‘rishishlari, keyingi uchrashuv bir necha oydan so‘ng ichki ishlar idoralarida bo‘lishini Yo‘ldosh xayoliga ham keltirmagandi. Yo‘ldosh mashinasini kuta tursin, biz esa  Mirsaidning keyingi firibi bilan tanishamiz.

Oradan ko‘p o‘tmay, Mirsaid  yana o‘sha bozorda aylanib yurarkan  ko‘z ko‘rib, salom-alik qilib yurgan Ahat ismli tanishini uchratib qoldi. Transport vositalari va ularning ehtiyot qismlari bozorida yuribdimi, demak  avtomashina sotib olmoqchi, puli b-o-o-o-r... Mirsaidning kallasiga kelgan birinchi fikr ana shunday edi. U Ahatni gapga solarkan, o‘ylagani to‘g‘ri ekanligidan quvondi. Ahat “Kobalt” avtomashinasi xaridori ekan. Biroq uni harchand avramasin, “qurumsoq” Ahat  “hojatbaror”ga bor-yo‘g‘i 1000 AQSH dollari berishini, qolganini avtomashinani rasmiylashtirgandan keyin olishini aytib uning “ishtahasi”ni bo‘g‘di.

– Mirsaid tanishlarini chuv tushirib, qo‘lga kiritgan mablag‘larni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan, – deydi Yangihayot tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Ixtiyor Maxammatov. – Tergov jarayonida Mirsaidning pullarni olganini isbotlash birmuncha qiyin kechdi, holbuki, biror rasmiy hujjat yoki guvohlarsiz kechgan oldi-berdilarni  isbotlash mushkul jarayon.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi Mirsaidni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi hamda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech