Toshkent shahar IIBB: Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuniga bag‘ishlangan tadbir
25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV madaniyat saroyida Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. «Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!» shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbir ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishlarga qarshi kurashish, shuningdek ayollarning huquqlarini himoya qilish masalalariga jamoatchilikning eʼtiborini jalb qilishga qaratilgan.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova, Ichki ishlar vazirligi Xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Umida Abdullayeva, Toshkent shahar prokuraturasi Ijtimoiy sohada qonunchilikni nazorat qilish bo‘limi prokurori Nilufar Miraxmedova, Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shaxnoza Sultanova, shuningdek, boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tashkilotchilar ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishlarga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjatlarini batafsil tushuntirishdi. Ayollarning huquqlarini himoya qilish, ularga kerakli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Zo‘ravonlikka qarshi kurashish yuzasidan 10 oy davomida poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yuridik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasida olib borilayotgan axborot kampaniyalari haqida alohida to‘xtaldi.
Tadbir doirasida Zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida samarali mehnat qilayotgan, shuningdek ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish borasida eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan xotin qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar, mahalla xotin qizlar faollarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘maklashishda doimiy hamkorlik qilayotgan IIBBning ishonchli hamkorlari ham eʼtirof etildi. Barcha taqdirlanganlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir konsert dasturi bilan yakunlanib, ayollar huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlikka qarshi kurashishda umumiy saʼy-harakatlarning ahamiyati yana bir bor taʼkidlandi.