6 Avgust 2024 Yil 1046

Gugurtga ketib...

Pavel kechasi bilan u yoqdan-bu yoqqa ag‘anab chiqdi. Ehtiyot shart yarim stakan bo‘lsa-da aroqni bosh og‘rig‘i uchun olib qo‘ymaganiga pushaymonlar yedi. Suv ham uning ichida yonayotgan o‘tni  o‘chirolmayotgan edi. Muzlatgichini sotib yuborganiga afsuslandi. Qaniydi muzdek-muzdek pivomi, kefirmi ichsa-Yu ichidagi olovni o‘chirsa... Oxirgi qo‘lga ilinadigan narsasi – bu muzlatkich edi. Lekin ichkilik qurg‘urni ichmasa, turolmasa, sotib olish uchun esa pul kerak edi-da. Endi afsusdan foyda yo‘q. Tong ham tezroq ota qolmadi. Aroq-vino sotadigan do‘kon ochilsaydi... axiyri, Pavelning toqati-toq bo‘lib, do‘kon ochilishini kutish uchun ko‘chaga chiqdi. 2023 yilning 31 marti, tongi 06.00lar. U do‘kon ochilishi bilan 200 gr. aroqni olib, uyiga shoshildi. Daʼvatan, uy yo‘lagi oldida qarovsiz qoldirilgan “Philipps” velosipedini ko‘rib qoldi. Yon atrofda hech kim yo‘q. U velosipedni olib xonadoniga olib kirdi. Velosiped egasi Qahramon esa tongda non va gugurt xarid qilish maqsadida do‘konga chiqib, yarim yo‘lda gugurt  olishni unutgan holda, velosipedni yo‘lakka qo‘yib orqaga qaytgan edi. Do‘kondan chiqib, ulovini topa olmadi.

1987 yilda tug‘ilgan, uylanmagan o‘rta-maxsus maʼlumotli, birinchi marta 2012 yilda o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan Pavelning keyingi hayoti ham havas qilarli darajada kechmadi. 2014, 2016, 2019 yillarda ham o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Hayotining eng gurkiragan, yashnagan davrini erksizlik va to‘rt devor ichida o‘tkazishiga qaramay, bundan tegishli xulosa chiqarmadi.

– Inson bir yo‘ldan adashmasin. Adashdimi, to‘g‘ri yo‘l topish ko‘p mushkul, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Artur Kamolov. – Chetdan turib aytishga, maslahat berishga oson. Masalan, Pavelning  yaqinlari, beg‘araz va samimiy ko‘mak beradiganlari, qo‘llab-quvvatlaydiganlari bo‘lmagan. G‘arazli, nopok kimsalar atrofida girdikapalak bo‘lib, egri yo‘lga boshlagan. Ichkilik oqibatida ota-onasidan qolgan bor-budini sotib, “do‘stlarini” xursand qilishga sarflayvergan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘irlik”) bilan Pavelni aybdor deb topib, mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab, unga 4 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech