4 May 2024 Yil 557

Gap raqamlarda emas

Ichki ishlar idoralarida faoliyat yuritayotgan ayollarning aksariyatini o‘z yurak amri, kasbga bo‘lgan katta qiziqishi tufayli kelganlar tashkil etadi. Ular ishni, oila, farzand tarbiyasi, qarindosh-urug‘chilikni bir vaqtning o‘zida olib borish oson emasligini yaxshi tushunadilar. Oilani, uy-ro‘zg‘orni, ko‘chani ham eplash nozik yelkalaridagi doimiy va katta masʼuliyat ekanligini his etadilar.


Hikoyamiz qahramoni Sarbar Shukurillayeva Mirobod tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘linmasida inspektor lavozimida, starshina unvonida ish boshlaganiga mana yigirma yildan oshibdi. Ilk ish boshlaganidayoq, maʼlumoti oliy, huquqshunos bo‘lishiga qaramay, ichki ishlar idoralaridagi faoliyat tubdan o‘zgacha ekanligiga amin bo‘ldi. Bu esa qator qiyinchiliklar tug‘dirdi. Xayoliga “eplay olarmikanman,tanlovda adashdimmikan”, degan ikkilanishlar keldi. Kasb ko‘nikmalarini hosil qilish, ish jarayonini o‘rganish, yuritishda ustozlari podpolkovnik Anvar Askerov (marhum), mayor Lyudmila Mavlyanova, podpolkovnik Samariddin Zaynutdinovlar yaqindan yordam berdilar, qo‘llab-quvvatladilar. Tirishqoqligi, mehnatsevarligi bois, tez orada ikkilanishlari o‘rnini qatʼiyat va ishonch egalladi. Ustozlarni o‘zgacha iliqlik bilan eslarkan, ustoz-shogird anʼanalari yosh xodimlar uchun juda katta maktab va zarurat ekanligini taʼkidlaydi.


Ayni paytda Mirobod tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalasi bo‘yicha katta inspektor lavozimida faoliyat yuritayotgan, podpolkovnik Sarbar Shukurillayeva tuman hokimiyati xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Feruza Madaminova bilan hamkorlikda tumanda yashovchi ijtimoiy va huquqiy yordamga muhtoj ayollarga har tomonlama ko‘maklashish, jamiyatdagi, oiladagi o‘rnini topish, o‘z haq-huquqlarini bilishi borasida muntazam faoliyat yuritib kelmoqda. Hamkorlikda tuzilgan yo‘l xaritasi, reja asosida bu toifa ayollarining ehtiyojlari, kamchiliklari, muhtojligi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.


- Amaliyotimdagi bir voqeani aytib bermoqchiman, - deydi S.Shukurillayeva, - tumanimizda ichkilikka berilgan yoshi kattaroq bir ayol bilan ishladik. Nopok kimsalar uning tushkunlikka tushgani, hayot qiyinchiliklariga bardoshi yetmaganidan foydalanib, go‘yoki sirdosh bo‘lib, asta-sekin ichkilikka o‘rgatishadi. Bora-bora, aroq-vino bilan siylab, mast qilib, uyida pulga ilinadigan narsalarini o‘mara boshlashadi. Qolganlarini esa o‘zi ichkilik sotib olish uchun arzimagan pulga sotib yuboravergan. Yillar davomida davom etgan ichkilik, betartib turmush u ayolning insoniy qiyofasini butunlay o‘zgartirib, janjalkash, yolg‘onchi va beburd kimsaga aylanishiga sabab bo‘lgan edi. Uni yaqindan o‘rganganimizda, aslida u oliy maʼlumotli ekanligi, yuqori tashkilotlarda, katta lavozimlarda ishlagani maʼlum bo‘ldi. Yaqinlarining xiyonati va nafs ustunligi orqasidan shu ko‘yga tushganini bilgach, uni qaytarish hali kech emasligini angladik. Jarayon davomida ayrim g‘arazli kimsalar tomonidan qing‘ir yo‘llar bilan nafaqasiga ham xiyonat qilingani aniqlandi. Harakatlarimiz zoye ketmadi. Nafaqasini ham tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Hayotga, adolatga bo‘lgan ishonchini qayta uyg‘ota oldik. U o‘z hayotini ijobiy tarafga o‘zgartira oldi. Bugungi kunda uni ko‘rganlar tanimay qoladi.Bu va bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Biroq gap raqamlarda emas, balki ayol-qizlarimizning o‘z hayot yo‘llarini topib ketishida. Ularning baxtli, mamnun qiyofalarini ko‘rganingizda yoki ko‘cha-ko‘yda samimiy, jilmayib salom-alik qilishidan anglaysizki, qilgan ishlarimiz, harakat va urinishlarimiz, sarflagan vaqtimiz zoye ketmagan.


Ha, aslida insonning insonga bergan yordamidan ulug‘roq, maqtovliroq narsa bo‘lmasa kerak.

Barcha yangiliklar

Text to speech