3 Oktyabr 2024 Yil 473

Yomon yo‘ldoshing bo‘lsa...

       Orifjon taksiga o‘tirarkan avvaldan o‘g‘irlik qilish fikri  tug‘ilganmidi, yoki bozor aylanib yurib ochiq do‘konni ko‘rganida  o‘g‘irlikka jazm qildimi, bilib bo‘lmaydi. Lekin uning avval talonchilik jinoyati uchun keyin 7 marta o‘g‘irlik jinoyati uchun  turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinganini hisobga olsak, masala oydinlashadi. U o‘zini haydovchi Murodjonga Toshkentning katta bozorlaridan birida matolar olib kelib, ulgurji savdo qiladigan “tadbirkorlardanman” deb tanishtirdi. Murodjonga nima, kim bo‘lishidan qatʼiy nazar kelishilgan yo‘lkirani bersa bo‘ldi-da! Mashinaga ham farqi yo‘q, amaldor o‘tiradimi, dehqonmi?


      Qahramonimiz 2023 yilning 12 avgust kuni soat kunduzgi birlarga yaqin bozorning savdo majmuasi rastalarida aylanib yurib, Arabjonga tegishli do‘kon ochiqligini, ichida hech kim yo‘qligini ko‘rib atrofga zimdan razm soldi. Bozorda birov bilan birovning ishi yo‘q. Asta eshikka tirgab qo‘yilgan – do‘kon yopiqligini bildiruvchi– yog‘ochni olib ichkari kirdi. Stol ustidagi kassa yonida narxi 3 million so‘mlik “VIVO” va har biri 2 million so‘mlik ikki dona “Redmi 8” telefonini cho‘ntaklariga solib, haydovchisi Murodjonni chaqirdi. Unga telefonlarni mashinaga eltib qo‘yishni aytganida Murodjon dabdurustdan: “Aka, sotib oldingizmi yoki...”, og‘zidagi gapi tugamay  “Menga qara, sen ishimga aralashma, olib borib mashinangga qo‘yib tur, men  birozdan keyin boraman. Tuya ko‘rdingmi, yo‘q. Qo‘rqma, o‘zim javob beraman!”, dedi jahl bilan. Murodjon ikkilandi, ammo yo‘lovchisining buyrug‘ona ohangiga bo‘ysunib, telefonlarni cho‘ntagiga solgancha indamay ketdi. O‘sha payt uning indamay ketgani uch  kun o‘tib qimmatga tushdi.


      – Ayblanuvchini do‘konlarning biriga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi orqali topish oson bo‘ldi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Sardor Maxsatullayev. – Albatta, u qamoqda o‘tirib orttirgan  “tajribasiga” tayanib, turli vaj-karsonlar bilan aybini tan olmaslikka urindi. Biroq videotasvirlarni  soxtalashtirib bo‘lmaydi. Keltirilgan asosli dalillar oldida aybini tan olishdan boshqa chorasi qolmadi. Biroq Murodjonning ham qilmishini oqlab bo‘lmaydi. Molning o‘g‘irlanganini bila turib  loqaydlik qilgani uni sudning qora kursisiga yetakladi.


         Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan Murodjonni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “V” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. U qilmishiga pushaymonligi, aybiga iqrorligi, tergov jarayonida jinoyatni to‘liq fosh qilishda hamkorlik qilgani inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.


        1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan Orifjon esa Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Bu safar qilmishlariga tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lni tanlash haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga vaqti yetarli, zora umrining aksariyat qismi qamoqda o‘tayotganiga achinsayu, qatʼiy xulosaga kelsa...

Barcha yangiliklar

Text to speech