30 Oktyabr 2024 Yil 377

Do‘konni bo‘shat, oshxonani jihozla!

Otang bozor, onang bozor, degan  naqlga amal qilgan Bahrom Uchtepa tumanidagi bozorlardan biriga bordi. Oshxona anjomlari sotiladigan do‘konga kirib ul-bul narsalar xarid qildi. Bir necha kunni o‘tkazib aynan yana shu do‘konga kirdi. Bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan bilish, deganlaridek, sotuvchi bilan salom-alik qildi va ayrim narsalarning nimaga qanday ishlatilishi haqida so‘radi, tanishdi, suhbatlashdi. Orada bir necha marta falon kuni pulini olib kelib berishni lafz qilib narsalar xarid qildi. Lafzida turmak, mardning ishi degandek, lafzida turdi. Vaʼda berganidek, aytilgan kuni, aytilgan vaqtdan bir daqiqa o‘tkazmay pulini keltirib topshirdi. Sotuvchi ko‘z o‘ngida hurmat qozondi. Shunday qilib sotuvchi – Saidbakirning ishonchiga kirdi.  2023 yilning 7 oktyabr kuni do‘konga kirib kelganida Saidbakir uni qadrdonidek qabul qildi. Bahrom sezdiki, u sotuvchining ishonchli mijozlari qatoridan joy olgan. Quyuq salom-alikdan so‘ng Bahrom xo‘jayini – uzr, “qahramonimiz” o‘zini katta bir oshxona boshqaruvchisiman, deb tanishtirganini aytishni unutibmiz, – yangi oshxona ochayotgani, unga zarur buyumlarni xarid qilishni ishonib topshirganini, u esa Saidbakirga ishongani uchun o‘ylab o‘tirmay shu do‘konga qora tortib kelganini aytganida, Saidbakirning quvonganini ko‘rganingizda edi. Axir u oz emas, ko‘p emas naq do‘konni bo‘shatib, 9.605 AQSH dollarlik oshxona jihozlarini xarid qilayotgandi. Uning ichida cho‘michdan tortib, muzlatgichgacha bor edi. Pulini 22 oktyabr kunidan bir kun va bir soat ham kechiktirmay keltirib berishga lafz qilganida Saidbakirning bunga zarracha gumoni yo‘q edi.

— Xuddi shu usulda u bozordagi yana bir do‘kondorni laqillatgan, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Dias Abdullayev. – Do‘kondor Q.Nig‘matullani ham shu yo‘sinda ishonchiga kirib, 9 oktyabr kuni undan yangi ochilayotgan oshxona uchun deb, 100.000.000 so‘mlik  jihozlarni mashinaga ortib ketadi. Ularni qay birini ijtimoiy tarmoqlar orqali, qay birini tanimagan tasodifiy shaxslarga arzonroq narxda pullab yuboradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi 1998 yilda tug‘ilgan Bahromning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi “a”, “B” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchining ilgari sudlanmaganligi, pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech