26 Dekabr 2024 Yil 76

Salomatlik – cheksiz boylik

Dunyoda eng muhim va sharafli kasblardan biri bu – shifokorlikdir. Oq xalatli xushmuomala, yuzida tabassum, shirin so‘zi, shifo qo‘li bilan dardingizga malham bo‘luvchi bu insonlarga hamisha hurmat va minnatdorlik ko‘zi bilan qarab kelingan. Dilafro‘z Sharapova ziyolilar oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. Otasi Safar aka muhandis, onasi Gulsora opa matematika fani o‘qituvchisi –ayni kunlarda tabarruk 76 yoshdan oshganiga qaramay ta'lim berishda davom etmoqda – uning shifokor bo‘lishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. O‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga ahd qilgan Dilafro‘z tengqurlariga o‘xshab ko‘ngilochar, fikr-zikrini o‘g‘irlaydigan hoyu-havaslarga berilmay, tibbiyot sohasiga oid kitoblarni mutolaa qilishdan bo‘shamadi. Amaliyotlarda ustozlariga savollar berishdan, o‘qib-o‘rganishdan charchamadi. 2008 yilda Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo‘limi ekspert-terapevt lavozimida ish boshlaganida u o‘z sohasi bo‘yicha ancha tajriba orttirgan, ko‘nikma hosil qilib, ish jarayonlari, tahlillar, zamonaviy tashxis qo‘yish texnik jihozlari xulosalariga qarab, samarali davo belgilash amaliyotidan yaxshigina xabardor edi. Shahardagi kasalxonalarda ishlab ko‘nikma hosil qilgan Dilafro‘z ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatidagi ilk taassurotlarini – xodimlarning tartib va intizomga rioyasi, kasallikni og‘ir-bosiqlik bilan qabul qilishi, belgilangan dori-darmon va muolajalarni o‘z vaqtida olishi, madaniyatli, xulq-atvori, ma'naviyati yuqori saviyada bo‘lgan xodimlar va xizmatga nisbatan katta hurmat uyg‘otganini hali-hanuz iliqlik bilan eslaydi. Bugungi kunda kapitan Dilafro‘z Sharapova Bosh boshqarma Tibbiyot bo‘limi Harbiy-tibbiy komissiya raisi lavozimida unumli xizmat qilib kelmoqda. Unga ishonib topshirilgan bu xizmatda xodimlarning sog‘lig‘i, xizmatga yaroqliligi, xizmatga qabul qilinadigan nomzodlarning sog‘lomligini puxta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan tashqari, xodimlarning oila a'zolariga ham tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinadi. Tibbiy ko‘rik yoki murojaatlar asosida xodimlarning kasalliklarini aniqlash, ularga o‘z vaqtida tibbiy yordam va muolajalar ko‘rsatish, zarur holatlarda tor mutaxassislar ko‘rigiga yo‘llanmalar berish natijasida xodimlarning sog‘lig‘ini nazorat qilib borishga erishilmoqda. Shuningdek, ularga sog‘lig‘ini tiklash uchun IIV Gospitaliga, sanatoriyalariga yo‘llanmalar beriladi. Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot qilish borasida soha xodimlari bilan tushuntirish va profilaktik tadbirlar o‘tkazishga katta e'tibor qaratilgan. Ayni damda xodimlarning kasbi bilan bog‘liq kasalliklar: ish paytida va maishiy jarohatlar olish, “Covid-19” pandemiyasi asoratlaridan biri bo‘lmish ko‘p kuzatilayotgan koksoartroz kasalliklarini davolash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu kasallik bilan kasallangan bemor-xodimlarni vaqtida aniqlash va davolash choralari ko‘rilmoqda.

Mas'uliyatli ish bilan birga Dilafro‘z oilada turmush o‘rtog‘i bilan ikki nafar farzandini el-yurt koriga yaraydigan, shu yurt manfaatlariga xizmat qiladigan barkamol farzandlar bo‘lib yetishishiga katta e'tibor berishgan. Ayni damda ularning har ikkisi oliygohlarda Dilafro‘zning o‘zi kabi kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lish niyatida bilim olishmoqda. Vaqt kelib ular ota-onasining ishini munosib davomchilari bo‘lishiga, yurtimizga foyda keltirishiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech