13 Avgust 2024 Yil 988

Bozordan to‘g‘ri hibsxonaga

        2021 yil 5 avgust kuni soat 14.00 larda Dilshod “Farhod” bozoriga ro‘zg‘orga mayda-chuyda xarid qilish niyatida borgandi. Mahsulotlarning narx-navosini so‘rab-surishtirib, bozor aylana boshladi. Hali biror narsa xarid qilmay turib, rastalar oralab yurarkan, o‘zidan ancha yoshroq bo‘lgan yigit uni bexosdan turtib yubordi. Yigit undan uzr so‘radi. Ammo Dilshod:


       – Uzringni pishirib ye, ko‘zing ko‘rmi, e, seni ... – deya yigitga qattiq gapirdi.


       Uning keyingi gaplarini yaxshi anglamagan yigit ham indamay ketaversa bo‘lardi-yu, ammo :


      – Aka, uzr so‘radim-ku! – deya gap qaytardi. Bu Dilshodga masxaraomuz tuyuldi va o‘rtada janjal chiqdi.


       So‘zlar “jangi” qo‘l “jangi” bilan almashdi. Dilshod Alisherning yuz va ko‘krak qismlariga ketma-ket musht tushira ketdi. Zumda mushtlashuv atrofiga  odamlar to‘plana boshladi. Chaqiriqqa yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari yerda dumalab mushtlashayotgan Dilshod va Alisherlarni ajratib olishdi.     


        – Kichik bir harakat tufayli ikki kishining hayoti o‘zgarib ketdi. Farzandlar bir yil, ikki yil otalari mehrisiz  ulg‘ayishadi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant A.Rahmatov. – Agarda ikkisi xudbinligi, takabburligini namoyish qilmay, bir-birining uzrini qabul qilganida, oilasi bag‘rida tinch-totuv yashab, o‘zlari sevgan mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishgan, inon-ixtiyorlari, erki  o‘zida hayot  kechirishgan bo‘lishardi.


       Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi  tomonidan Dilshod O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi bilan aybdor deb topilib, 57- moddani qo‘llagan holda, ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.


       Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan Alisher O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi, 3-qismida tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topildi va 57-modda qo‘llanib, bir yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech