18 May 2024 Yil 1326

“Beshinchisi bo‘lmaydi”

Baʼzida  jazoni o‘tash muassasalarida  jazo muddatini o‘tayotganlar bilan suhbatlashganingda, jinoyatlarini  xaspo‘shlashga urinayotganidan bu quvligimi, aldovmi yoki o‘z yolg‘oniga o‘zini ishontirgisi keladimi, anglay olmay qolasan, kishi.

Birinchi marta o‘g‘irlikka qo‘l urganida Tolib (ismlar o‘zgartirilgan) 23 yoshda edi. Hech qayerda o‘qimagan, tayinli ishlamagan bu yigit ilk qilmishini  shunchaki  “qiziqish, yengiltaklik” sifatida baholaydi.

— Tanishimning uyida bir muddat ishlashga to‘g‘ri keldi. Menga pul berayotganida, uning qayerdan olganini ko‘rdim. Mendan shubhalanmasa kerak, deb o‘ylagandim, - deydi u  go‘yoki, pulni emas, yerda yotgan keraksiz bir toshni olgandek.

Holbuki, bu yoshda odam o‘z qilmishini idrok etishi, qonunchilikdan boxabar bo‘lishi kerakmasmi? Uning bu gapidan o‘g‘rilik jinoyat ekanligini anglash uchun yana necha yoshda bo‘lishingiz kerak edi, deb  so‘raging keladi.

Ikkinchi o‘g‘riligini sababi bundan-da qiziq. Bir qiz bilan tanishib, gaplashib yurgan. Sudlanganini qallig‘idan yashirgan Tolib to‘y taraddudini ko‘ra boshlagan. Yigitning niyati jiddiy ekanligini bilgan qiz u haqda so‘rab-surishtirib, sudlanganligini bilgach, Tolibga rad javobini bergan va boshqa uni bezovta qilmasligini so‘ragan. Tolib esa undan o‘ch olish maqsadida, qizning uyiga kirib 10 million so‘m pulini, uyali telefonini o‘margan. Qiz ham ziyrak ekan, o‘g‘ri sevgisi rad etilgan oshiq ekanligini tushundi. Yaxshiyamki, manzilini bilarkan, ichki ishlar xodimlari manzil bo‘yicha borib, “issig‘ida” o‘g‘irlangan pul va telefonni ashyoviy dalil sifatida olishga ulgurishdi.


Ichki ishlar  xodimlari jinoyatchini “oyog‘ini yerga tekkizmay”, tegishli hujjatlar, daliliy ashyolarni to‘plab, ishni sudga oshirishdi. Tolib yana  panjara ortiga yo‘l oldi.  Uchinchi bor esa :

— Otam og‘ir kasal edi. Uni davolash uchun pul kerak bo‘ldi. Men o‘g‘irlikka tushgan xonadonda 27 ming dollar borligini bilmagandim. Pullarni otamni davolash va dori-darmonlar uchun ishlatib yubordim. Ammo otam baribir tuzalmadi, - deydi go‘yoki, otam tuzalmas ekan, nega men o‘g‘irlik qilib o‘tirib chiqdim, degandek chuqur xo‘rsinadi. - Men esa  yana qamaldim.

Otasining betobligini vaj qilgan Tolib go‘yoki bu bilan qilmishini oqlamoqchidek. Holbuki, o‘z ehtiyojlari, kayfu safosiga sarflagan pullar haqida eslamaydi ham.

Keyingi o‘g‘irliklarni esa ish topolmaganidan sodir etganligini vaj qilgan Tolib qamoqxonada bir kun bo‘lish naqadar azobli ekanligini, ozodlikning bir daqiqasiga arzimasligini  taʼkidlaydi.  Agar bu yerdan chiqsa, zinhor-bazinhor qing‘irlikkka qo‘l urmasligini, beshinchi bora qamoqxona ostonasiga qadam bosmasligini, ozodlikning qadriga yetib yashashini qayta-qayta takrorlaydi.

— Beshinchisi bo‘lmaydi. Bu yerlarni yelkamning chuquri ko‘rsin, - deydi  u qatʼiyat bilan.

Tolib qamoqdan qamoqqa tushib, umrining eng gullagan davrini o‘tkazib yuborganidan juda afsusda ekanligini aytadi. To‘rt devor ichida o‘tirib, na ota-onasiga, na yaqinlariga yaxshilik qilgan, na oila qurgan va na do‘st orttirgan bu kimsaga qarab, chuqur o‘yga tolasan, kishi. Mashoyixlarning hayotda adashish gunoh emas, uni tuzatmaslik gunoh, degan gaplarini eslaysan. xalqimizda ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, degan naql bor.  Ko‘zlari ko‘rib, oyoqlari yurib turib uni qayta-qayta yo‘qotayotgan Toliblar singarilarni tavbasini eshitarkansan, qalb ko‘r bo‘lsa, ko‘rar ko‘zdan ne foyda, degan ibora qanchalar to‘g‘ri aytilganiga shohid bo‘lasan.

Barcha yangiliklar

Text to speech