27 Noyabr 2024 Yil 464

Ayollar baxti – jamiyat taraqqiyoti garovi

Gulzoda Pulatova ko‘p yillar Ichki ishlar vazirligida rahbar lavozimlarda ishlagan otasi O‘tkir akaning ishini davom ettirishni niyat qilib, maktabni tamomlagach, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga hujjatlarini topshirdi. 2002 yilda  uni muvaffaqiyatli tugatib, poytaxtning Yunusobod tumani IIB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida inspektor lavozimida faoliyatini boshladi Ustozlari:  bo‘lim inspektorlari kapitan Aziz Mirzabekov, katta leytenant Shahzoda Atabayevalar bilimga chanqoq, tirishqoq yosh kadrga ustozlik qilishdi. Sohaning o‘ziga xos jihatlarini puxta o‘rgandi. So‘ngra bir muddat Yashnobod tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limida ishlagan Gulzoda 2015 yili poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga katta inspektorlik lavozimiga o‘tkazildi. Bu vaqtda u mayor unvonida edi. 2019 yildan boshlab esa IIBB HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘limi, muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektor lavozimida ish boshlagan qahramonimiz bugun podpolkovnik unvonida.

– Vazifamiz turmushda qiynalib, og‘ir oilaviy  ahvolda, tushkunlikka tushib qolgan, oilaviy zo‘ravonlik va tazyiqlarga uchragan, kamsitilgan, haq-huquqlarini himoya qila olmaydigan, yordamga muhtoj  xotin-qizlar bilan ishlash, – deydi podpolkovnik Gulzoda  Pulatova. – Joylarda 68 nafar xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ishlovchi inspektorlarimiz bor. Ular bilan hamkorlikda joylardagi holatlar o‘rganiladi. Mahalliy hokimiyatlar, tibbiyot muassasalari va boshqa mutasaddi tashkilotlar  ko‘magida ularga zarur yordam ko‘rsatiladi.

Maʼlumki,  yurtimizda ayollar, ularning muammolari, manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifalardandir. Ayollarimizning jamiyatda tutgan o‘rni, mavqei, hurmat-eʼtiborini  yuksaltirish, haq-huquqlari kafolatini taʼminlash, farzand tarbiyasidagi rolini oshirish, taʼlim va kasbiy ko‘nikmalarini olishlari, munosib ish topishlari, ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Uzoqqa bormaylik, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yana-da takomillashtirish, ularning muammolarini hal etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomidir. Sir emas, hamon oilaviy zo‘ravonliklar, oilaviy tazyiq va kamsitilishlarga barham berilgani yo‘q. Taʼkidlash joizki, nafaqat erning zo‘ravonligi va boshqa salbiy munosabatlari, balki qaynona-qaynota, yaqinlari tomonidan ham bu kabi salbiy holatlarning uchrashi bor gap. Aksariyat hollarda  ayollarning o‘z haq-huquqlarini bilmasligi, ota-onalar tomonidan ro‘zg‘or yuritishga tayyorlamay, kasb-hunar o‘rgatmay turmushga berish holatlari ham buning kelib chiqish sabablaridan biridir. Afsuski, ko‘pchilik ayollar andisha qilib, or-nomusi, mahallada obro‘sizlanishi va boshqa sabablar tufayli zo‘ravonlik holatlarini yashirib kelishadi. Ammo kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlaridek, pichoq suyakka borib taqalgach yoki ayanchli yakun topgach yuzaga chiqadi. Ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, tuman IIO FMBda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha  faoliyat olib boruvchi xodimlar o‘z hududlaridagi ahvolni mahalla ahli bilan birgalikda o‘rganib chiqib, tegishli chora-tadbirlarni belgilaydilar. Joylardagi ahvolni o‘rganish asnosida joriy yilning 9 oyi davomida zo‘ravonlik va tazyiqlarga uchragan ayollarga mingdan ortiq himoya orderlari berilgan. Shuningdek, ayollarni ish bilan bandligini taʼminlash borasida ular kasb-hunar kurslariga jalb etiladi. Farzandlariga esa  sport bilan shug‘ullanishi uchun turli sport to‘garaklariga sertifikatlar beriladi. Zarur holatlarda ayollarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi, himoyasini taʼminlash maqsadida reabilitatsiya va moslashtirish markaziga joylashtiriladi. Afsuski, amaliyotda sud orqali ajrashib, shaxsiy adovat sabab farzandlarni otaga ko‘rsatmaslik holatlari ham yo‘q emas. 

Bunday hollarda har ikkisi bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Aytish joizki, biror qaror qabul qilishdan oldin har bir murojaat  tegishli tartibda mutasaddilar bilan hamkorlikda chuqur o‘rganilib chiqiladi, har ikki tomon eshitiladi. Chunki, asosiy vazifa ularni jazolash emas, balki yarashtirish, murosaga keltirish, oilani saqlab qolish, normal hayotni taʼminlashdan iboratdir. Har ikki tomon yarashtirilgan taqdirda ham bu ish oxiriga yetkazildi degani emas, ulardan tez-tez xabar olinib,  nazorat qilib turiladi. Maqsadimiz esa bitta – ayollarimizning baxtli saodatli yashashi, mukammal farzandlar tarbiyasi, o‘z orzu niyatlarini amalga oshirishi, jamiyatimizning to‘laqonli kishisiga aylanishini taʼminldash. Va bu borada ishlar uzluksiz davom etaveradi.


Barcha yangiliklar

Text to speech