30 Noyabr 2024 Yil 467

Avvalida mezbon, keyin zoʻravon

       Anchadan beri uchrashmagan ikki doʻst uchrashib qolsa suhbat oila, uy-roʻzgʻor, ish, eski tanish-bilishlar, yana koʻplab hayot ikir-chikirlari haqida ketadi. Murod ham Zafarni uchratganidan xursand boʻlib, hol-ahvol soʻrashdan boshladi. Qahvaxonaga kirib uchrashuvni bir shisha aroq bilan “yuvishdi”. Tillar yechilib, suhbat qizigandan qizidi. Murod yangi uyga koʻchganini aytib, qoʻyarda-qoʻymay uyiga taklif qildi. Yoʻl-yoʻlakay yangi xonadonni “yuvish” uchun spirtli ichimlik xarid qildi. Zafar uyingning koʻrmanasiga deb, yana bir shisha aroq va yeguliklar sotib oldi. Murodning uyida gurung davom etdi, Shishalar ochildi. Murodning turmush oʻrtogʻi darrov oshga unnadi. Shu orada birga oʻtirib qadah ham koʻtardi. Oradan ancha vaqt oʻtib Zafar oʻzini erkin qoʻyib, mastligi oqibatida uy bekasiga gap ota boshladi. Bu Murodga yoqmadi. Ammo Zafar jilovni qoʻldan boy bergandi. Oʻrtada janjal chiqdi. Kayfi taroq boʻlgan Murod ham jahl otiga minib, stolda turgan oshxona pichogʻini olib mehmonning qorniga sanchdi. Zafarning ingragancha bukchayib, sharillab oqayotgan qonni qoʻli bilan toʻxtatishga urinayotganini koʻrgandagina hushiga keldi. Ammo kech boʻlgandi. 

       – Ichkilik hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi, – deydi Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi katta tergovchisi, katta leytenant Matchonboy Xudayberdiyev. – Har ikkisi qirq yoshdan oshgan bu tanishlar ichish meʼyorlarini bilmadi, mehmon-mezbon odobiga rioya qilmadi. Quyushqondan chiqqach, oqibati – biriga hayoti uchun ogʻir tan jarohati yetkazish bilan, biriga ozodlikdan mahrum qilinish bilan tugadi. Bundan bu yogʻiga uchrashish tugul bir-birini koʻrishdan xursand boʻlishmasa kerak, hoynahoy.

         Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi joriy yilning mart oyida ochiq sud majlisida Murodning qilmishini qonunan koʻrib chiqdi. U Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topildi. Murodning oilaning yagona boquvchisi ekanligi, qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllanib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech