3 Avgust 2024 Yil 1304

Avval iqtisod...

Abror Ahmedov ichki ishlar idoralaridagi xizmatni 2016 yili Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida hisobchi lavozimidan boshladi. Ilk ustozlari serjant Naima Mirpo‘latova,  bosh inspektor, podpolkovnik Lazokat Bahodirovalardan moliya ishlarini to‘g‘ri olib borish, maosh va ustama haqlarni  belgilashda qaysi hujjatlar meʼyorlariga amal qilish lozimligini o‘rgandi. Shunga qaramay, ishlash jarayonida moliya-iqtisod borasidagi bilimlarini yana-da boyitish, chuqurlashtirish lozimligini anglagan yigit O‘zbekiston Milliy universitetining sirtqi bo‘limiga hujjat topshirdi. O‘qish bilan ishni uyg‘unlikda olib borishi unga moliya-iqtisod sohasidagi ko‘plab masalalar yechimini oson topishda qo‘l keldi. Abror zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan, puxta bajarishi, hisob-kitob ishlarini bexato yuritishi bois, rahbariyatning eʼtiboriga tushdi. 2020 yili poytaxt IIBB Moliya va moddiy texnika taʼminoti boshqarmasida bosh mutaxassis lavozimida  faoliyatini davom ettirdi.

– Albatta, Bosh boshqarmada faoliyat yuritish ish hajmi va ko‘lamining kengligi, masʼuliyatning ortishi bilan farq qiladi, –deydi leytenant Abror Ahmedov. – Lekin inson hamisha intilish va o‘rganishda bo‘lsa, o‘z kasbiga mehr qo‘ysa, halol va sidqidildan ishlasa undan bahra oladi. Charchoqni ham unutadi. Insonlarga yaxshilik qilishdan aʼlo narsa bo‘lmasa kerak o‘zi dunyoda.

Ish haqqi, taʼtilga chiqish, kasallik varaqalari, nafaqa, mukofot, yordam pullarini to‘g‘ri hisoblash va muddatida to‘lash kabi hisob-kitoblarni yuritish katta eʼtibor va javobgarlikni talab qiladi. Bosh mutaxassis, A.Ahmedov xodimlarga maosh va ustama haqlari va boshqa ko‘zda tutilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida kechiktirmay berishga intiladi. Holbuki, har bir xodimning oilasi, yaqinlarining ro‘zg‘ori, ehtiyojlari, baʼzan sog‘lig‘i ham ko‘p jihatdan mana shu mablag‘ga bog‘liqligini to‘g‘ri tushunadi. Har bir so‘m, har bir tiyin oilaning yaxshi yashashi, tinch-totuvligini taʼminlashini ham. Shunday ekan, har bir raqam bir emas, bir necha bor tekshirilishi, birovning haqqiga xiyonat bo‘lmasligi zarur.


Barcha yangiliklar

Text to speech