1 Avgust 2024 Yil 546

Arzonning “sho‘rvasi” ...

Shokir so‘nggi vaqtlarda tilla taqinchoqlar savdosi bilan qiziqib qoldi. Dunyoda taqinchoqlarga u arzonmi, qimmatmi, qiziqmagan, orzu qilmagan ayol-qiz yo‘q. Aytishadi-ku, dunyoda bitta ayol bo‘lsa ham zargarga ish topiladi, deb. Shokir xotini orqali bu ishni ancha yo‘lga qo‘ydi. Xotini uyma-uy yurib, tanish-bilishlarini ishga solib, bu “biznes”ni yaxshigina rivojlantirdi. Shokir aytilgan narsalarni yetkazib tursa bas. Qani edi arzonroq joyini topishning imkoni bo‘lganida ...

2022 yilning 3 sentyabrida u poytaxtga “mol” olgani keldi.  Chilonzor tumanidagi Arnasoy ko‘chasida joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasiga avtomobilini yuvishga qo‘yib, o‘zi chetroqda yuqoridagi masalada o‘ylanib turganda, bir kishi yoniga o‘tirdi. Bekorchilikdan suhbatlasha boshlashdi. Shokir nima ish bilan shug‘ullanishini aytganida, Islomning yuzi yorishib ketdi. U o‘z xizmatini taklif qildi. Shokir birinchi marotaba ko‘rib turgan nomaʼlum shaxsning 9.300 AQSH dollari evaziga 10.200 AQSH dollarilik tilla taqinchoqlar olib berishiga ishondi. Islom sodda “tadbirkordan” 9.300 AQSH dollarini qo‘lga kiritib, qorasini ko‘rsatmay ketdi.

– Firibgarlar odamlarga yoqadigan so‘zlarni gapirishadi. Eng yoqimlisi “arzon” so‘zi bo‘lsa kerak, – deydi  Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Hazratov. – Boriga qanoat  qilmay, yanayam ko‘proq foyda olishni ko‘zlagan Shokir firibgarning qarmog‘iga osongina tushib, “ozidan” ham quruq qoldi. Holbuki, firibgar pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgandi.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi 1993 yilda tug‘ilgan Islomni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, uch yilga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech