11 Noyabr 2024 Yil 692

Halol xizmatga – munosib rag‘bat

      Bekmurod o‘z tengdoshlaridan farqli o‘laroq, maktabni tugatmasidanoq o‘z oldiga maqsad qo‘ygan va maqsadi yo‘lida o‘qib izlanishda edi. 2015 yilda Respublika Qurolli kuchlari safida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasiga hujjatlarini topshirdi. Avvaldan tayyorgarligi bo‘lgan Bekmurod barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, bilim yurti tinglovchisiga aylandi. O‘z kasbining professionali bo‘lish uchun qunt va tirishqoqlik bilan o‘qidi. Akademiyani tamomlagach, Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili lavozimida, leytenant unvonida xizmatni boshladi. Ustozlari katta tezkor vakil, podpolkovnik Zarif Hudoyqulov, bo‘linma boshlig‘i, mayor Jasur G‘aniyevning etagidan mahkam tutgan Bekmurod sohaning past-balandi, jinoyatchilarga qarshi kurashdagi muhim omillar, o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandi. Ko‘plab jinoyatlarni ochishda qatnashdi, shaxsan o‘zi jinoyatchilar bilan to‘qnash kelgan holatlarda sovuqqonligi va irodasini yo‘qotmadi. Jismoniy tayyorgarlikda ham qonunbuzarlardan ustun ekanligini isbotladi. Vazifalarini sidqidildan bajarib, qonunbuzarlarga murosasiz bo‘lgan xodim rahbariyatning eʼtiboriga tushdi. Ikki yil o‘tib Bekmurod Toshkent shahar IIBB markaziy apparatiga ishga o‘tdi. Bu dargohda ham tezkor-qidiruv xizmatlari sohasida faoliyatini davom ettirdi. Uning ishchanlik qobiliyati, vaziyatni to‘g‘ri baholashi, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash ishlaridagi tajriba va malakasini to‘g‘ri baholagan Bosh boshqarma rahbariyati 2023 yilda Bekmurodni poytaxt Yangihayot tumani 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimiga tayinladi. Mazkur bo‘lim tumanning 7 ta mahallasining tinchlik-osoyishtaligini saqlash, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, mahalla ahlining tinchligi, xotirjamligini taʼminlashga masʼuldir. Mahallalarda 28 mingdan ortiq turli millat vakillari tinch-totuv istiqomat qilib kelishyapti. Ulardan 11 mingdan ortig‘ini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Yuzdan ortiq uyushmagan yoshlar bilan profilaktik tadbirlar, ogohlantirish va tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida ulardan ellikdan ortig‘i joriy yilda o‘z qiziqishlariga ko‘ra o‘qishga, kasb-hunar o‘quv kurslari, sport to‘garaklariga jalb etilishiga erishildi. Va bu boradagi ishlar davom ettirilyapti. Sektor rahbari, mahalla yettiligi hamda homiy tashkilotlar hamkorligida aholining turli qatlamlarining yashash shart-sharoitlari o‘rganilib, rejali ravishda moddiy, iqtisodiy va huquqiy yordam ko‘rsatilib kelinyapti. Har bir mahallaning raislari, fidoyilari, mahalla ahli bilan o‘tkazilayotgan tushuntirish, ogohlikka chaqirish, sodir etilgan huquqbuzarliklarni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish kabi samarali profilaktik tadbirlar o‘z natijasini beryapti. Ayni damda mahallaning bittasi  qizil, uchtasi sariq va yana uchtasi  yashil toifa maqomini olgan. Bu ishlarda lavhamiz qahramoni Bekmurod Ismatovning mahalla raislari, faollari, qo‘l ostidagi xodimlarini bir maqsad sari yo‘naltirib, ishni kengashgan holda tashkil etganini eʼtirof etish lozim. Uning o‘ziga biriktirilgan hududda olib borayotgan jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarni oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasidagi saʼy-harakatlari Bosh boshqarma rahbariyati eʼtiboridan chetda qolmadi. Qahramonimizga 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan muddatidan oldin “mayor” unvoni berildi. Albatta, mazkur unvon qahramonimiz zimmasiga yana-da katta masʼuliyat yuklaydi va ishonchimiz komilki, mayor Bekmurod Ismatov buni o‘z mehnati, g‘ayrat-shijoati, bilimi bilan oqlaydi.

Barcha yangiliklar

Text to speech