18 Oktyabr 2024 Yil 444

Akasiga havas qilib

Turdiboy akaning faoliyati sport bilan bog‘liq bo‘lgani bois, farzandlarini sportga oshno qildi. Yoshlikdan sport bilan chiniqqan, jismoniy sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetgan Bahodir ichki ishlar idoralariga xizmatga kirdi. Uning jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi xizmatlari, o‘zini tutishi, yurish-turishi, harbiy tartib va intizomi, mavqei va shijoatiga havas qilgan Bekzod Usmanov ham akasining izidan borishga ahd qildi. 2008 yilda Olimpiya zahiralari sport maktabini erkin kurash yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan qahramonimiz ikkilanmay hujjatlarini Toshkent shahar IIBBga topshirdi. Sport ustasi maqomini olgan, jismonan sog‘lom, irodasi mustahkam, intiluvchan, dunyoqarashi shakllangan Bekzod imtihon va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent shahar IIBB huzuridagi “Qo‘riqlash” bo‘limida xizmatni boshladi. Yosh va ziyrak, maqsadi va qarori qatʼiy bo‘lgan Bekzodga katta serjant Odil Mayliyev ustozlik qildi. Uning yordamida Bekzod xizmat ko‘nikmalari, o‘ziga xos jihatlarini o‘zlashtirib, vazifalarini sidqidildan bajarib keldi. Xizmati davomida ko‘plab tashkilot va korxonalarda talon-tarojlik, xonadon o‘g‘irliklari, bezorilik kabi jinoyatlarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda uning sport mahorati, chaqqon va abjirligi ish berdi. Ommaviy  tadbirlar, tantanalar, bayramlar, xalq sayillari, jamoatchilik gavjum joylarda qo‘liga erk bergan mushtumzo‘r, zo‘ravonlarning shashtini kurash usullarini qo‘llab jilovlashga, “qaynoq” boshlarini “sovutib” qo‘yishga to‘g‘ri kelgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan.

2014 yildan buyon safdor Bekzod Usmanov poytaxtimizning Yashnobod tumani IIO FMB qo‘riqlash va xizmat ko‘rsatish xodimi lavozimida xizmatni davom ettirib kelmoqda.   Xizmatdan bo‘sh vaqtlarida o‘z jismoniy maqomini yo‘qotmaslik, mahoratini oshirish maqsadida sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmaydi. Xizmatlari davomida respublika IIV va Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan. Uch qiz va bir o‘g‘ilning otasi bo‘lgan qahramonimiz farzandlar tarbiyasiga katta eʼtibor beradi. Bo‘sh vaqtlarida ularning taʼlim-tarbiyasi,  qiziqishi, mashg‘ulotlari, orzulari haqida suhbatlashadi. Kasb tanlashda o‘zi adashmagani kabi ularning ham adashmasligini istaydi. Agarda ulardan birida ichki ishlar tizimida ishlash istagi tug‘ilsa, qo‘llab-quvvatlashini taʼkidlaydi. Zotan,  Vatan tinchlik-osoyishtaligini saqlash, xalqi manfaatlariga xizmat qilishdan ko‘ra sharafliroq va yuksakroq vazifa yo‘q. 

Barcha yangiliklar

Text to speech