22 Aprel 2024 Yil 714

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini har tomonlama oshirishga qaratilgan hafta boshida o‘tkaziladigan tadbirning navbatdagisi lirik shoir Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlandi. Shoirning yuksak va tabiiy  vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan sheʼriyati, hayoti va ijodi to‘g‘risida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, falsafa fanlari doktori Oysha Qurbonova maʼruza qildi. Maʼruzachi shoirning “Vatanim”, “O‘zbekiston” va boshqa lirik sheʼrlarida o‘z aksini topgan vatanga cheksiz muhabbat, yaqinlarimizni eʼzozlash, do‘stlik, or-nomus, haqiqat, ezgulik, erkinlik kabi tuyg‘ulari, shuningdek, uni sodda va samimiy ruhda o‘quvchiga yetkazishdagi mahoratiga urg‘u berdi. Shoirdan o‘lmas  ijodiy meros qolganini taʼkidladi.

Maʼruza so‘ngida Muhammad Yusufning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etildi. Videolavhadan so‘ng tadbirga taklif etilgan shoirning rafiqasi Nazira Salomova so‘z oldi. Nazira as-Salom taxallusi bilan ijod qilayotgan shoirning rafiqasi el sevgan shoir bilan birga kechirgan hayot yo‘li, turmushda qanday inson bo‘lganligi, farzandlariga, yaqinlariga mehri, o‘zgalarga saxovati borasida so‘zladi. Shoir hayot bo‘lganida bu yil muborak yetmish yoshni qarshilagan bo‘lishini, afsuski, hayotni juda sevgani o‘laroq erta ketganini qayd etib o‘tdi.

Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilarga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi. 

Barcha yangiliklar

Text to speech