2 Iyul 2023 Yil 2563

Jinoyatchilarning yo‘qotadigan narsasi yo‘q edi ...

2002 yilning 4 mart kuni yarim tunda Toshkent shahrining Yashnobod (avvalgi Xamza) tumani hududida 2 nafar noma'lum shaxs “Nexia” rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan ularni Sergeli tumaniga olib borishni so‘rashgan. Yo‘lkira haqini kelishib, yo‘lovchilar orqa o‘rindiqlarga joylashadilar. Ular manzilga yetib kelishganda yo‘lovchilardan biri to‘satdan haydovchiga hujum qilib, uni bo‘g‘a boshlaydi. Ikkinchisi esa pichoq bilan tahdid qilib, haydovchidan pul va qimmatbaho buyumlarini olib qo‘yadi. Ular haydovchini yaralab, voqea joyidan qochib ketishadi.

Biroz vaqt o‘tgach, jabrlanuvchi o‘ziga kelib, eng yaqin bo‘lgan YPX maskaniga boradi. Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi «Polevaya» maskaniga kelib (bugungi kunda bu post mavjud emas) sodir bo‘lgan voqeani tushuntiradi hamda huquq-tartibot idoralari xodimlaridan yordam so‘raydi. Shu kuni Toshkent shahar IIBB Patrul'-post xizmati brigadasi 4-batal'on 2-otryad xodimi kichik serjant Azamat Boltaboev hamda YHXB kichik inspektor-kinologi katta serjant Qidirbek Nishonovlar navbatchilikda edilar. Ular darhol taksi haydovchisi ko‘rsatgan joyga shoshilishdi. Qidirbek Nishonov xizmat iti yordamida jinoyatchilarni izlay boshladi. Biroz vaqt o‘tgach, ular jinoyatchilar yashiringan tashlandiq joyni topadilar. Biroq jinoyatchilardan biri Qidirbekning orqasidan kelib unga pichoq bilan hujum qiladi. Kurash shovqinini eshitgan Azamat xizmatdoshiga yordam berish uchun shoshiladi. U yaralangan do‘stiga yaqinlashgan zahoti ikkinchi jinoyatchi unga ham pichoq bilan tashlanadi.
Taksi haydovchisiga hujum qilgan 2 jinoyatchining yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q edi: muqaddam sudlangan ushbu shaxslar yana qamoqqa tushishni istamagan va har qanday holatda ham jazodan qochishga qaror qilishgan holda, ichki ishlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatishgan. Jinoyatchilar shu kechaning o‘zida ushlandilar.

Nishonov va Boltaboevga yordam berish uchun kelgan hamkasblari ularni zudlik bilan kasalxonaga olib borishadi. Tinchlik va osoyishtalikning jasur himoyachilarini hayoti uchun shifokorlar uzoq vaqt kurashdilar, ammo, afsuski, ularni saqlab qola olmadilar ...

Qurollangan jinoyatchilarni qo‘lga olishda ko‘rsatgan jasorati va mardligi uchun Toshkent shahar IIBB Patrul'-post xizmati brigadasi 4-batal'on 2-otryad xodimi kichik serjant Azamat Boltaboev (marhum) hamda YHXB kichik inspektor-kinologi katta serjant Qidirbek Nishonov (marhum)lar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 27 avgustdagi Farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

Qidirbek Nishonovning ukasi Bahrom akasining izidan borib, jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida, ichki ishlar xodimi bo‘lishga qaror qildi.

Hozirda ichki ishlar tizimiga xizmatga kelgan yoshlarga ushbu qahramonlarning mardligi haqida so‘zlab berilib, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati beqiyosligi alohida ta'kidlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech