3 Avgust 2024 Yil 1255

5-avgust “Xalqaro svetofor kuni”

Ushbu kunning qanday kelib chiqqaniligini bilasizmi? 


1914-yilda sodir boʻlgan voqea sharafiga 5-avgust “Xalqaro svetofor kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu kunda Amerika Qoshma Shtatlarining Klivlend shahrida ilk bor elektr svetofor paydo boʻlgan. Uskunada qizil va yashil fonarlar almashib yonib turar, shu bilan birga, ranglar oʻzgarganda oʻzidan tovush chiqargan. Dunyodagi ilk svetofor 1868 yil 10 dekabrda Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida, Buyuk Britaniya parlamenti binosi yaqinida piyodalar oqimini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan. Temiryo‘l semaforlari mutaxassisi Jon Pik Nayt uning ixtirochisi hisoblanadi. Ilk svetofor ikkita – yashil va qizil rangli ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, u qo‘lda boshqarilgan. Ko‘rsatkichlar ko‘tarilib-tushirilib, yo‘lovchilar oqimini nazorat qilgan. Sutkaning qorong‘i paytida svetofordagi ranglar yaqqol ko‘rinib turishi uchun ular avvaliga gaz fonarlari bilan yoritilgan. Keyinchalik bunday svetoforlar Yevropadagi boshqa shaharlarga ham o‘rnatila boshlanadi.


1869 yilda Londonda o‘rnatilgan svetoforlardan birida gaz fonar portlab yonib ketadi va uni nazorat qilayotgan politsiyachini jiddiy jarohatlaydi. Shundan so‘ng Yevropada svetoforni gaz fonar bilan jihozlashni emas, balki svetoforlarning o‘zini o‘rnatishni taqiqlashadi. Shu tariqa yangi ixtiro 50 yil davomida ko‘chalarga svetofor o‘rnatish to‘xtab qoladi. 1910 yilda Chikago shahrida yashovchi Ernst Sirrin tomonidan avtomat tarzda ishlaydigan svetofor ixtiro qilinadi. Unda ikki xil - Stop (To‘xtang) va Proceed (Davom eting) yozuvlari bor edi. Bu svetofor ham Londondagiga o‘xshab ko‘rsatkichli edi. 


1914-yil 5-avgust kuni AQShdagi Klivlend shahridagi chorrahalardan biriga svetofor ishlab chiqaruvchi kompaniya tomonidan to‘rtta elektr svetofor o‘rnatiladi. Ushbu svetoforning ixtirochisi Jyeyms Xog edi. Bu svetofor ham ikki xil, qizil va yashil ranglarda ishlar, uni maxsus budkada o‘tirib politsiyachi boshqarardi. Mazkur svetoforda qizil chiroq yonib turganda boshqalarga xalaqit bermagan holda o‘ngga qayrilish mumkin edi. 


▪️Yaponiyada ilk svetoforlarda yashil o‘rniga ko‘k rangdan foydalanishgan. Keyinchalik insonning ko‘zi ko‘k rangdan ko‘ra yashil rangni yaxshiroq ilg‘agani uchun ranglar almashtirilgan.


▪️Londonda svetoforga yodgorlik o‘rnatilgan. Yodgorlik daraxt shaklida bo‘lib uning shoxlari svetoforlardan tashkil topgan.


▪️Pragadagi kvartallardan birida tor yo‘lak bor. Unga faqat bir kishi sig‘adi. Ana shu yo‘lakning ikki tomoniga svetofor o‘rnatilgan. Yo‘lak orqali yurmoqchi bo‘lganlar svetoforga qarab harakatlanishadi.


▪️Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida haydovchilar tungi soat 22:00 dan tonggi soat 5:00 gacha svetoforning qizil chirog‘ida ham harakatlanishlari mumkin.


▪️Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra yirik shaharlarda yashovchilar umrining olti oyini svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutib o‘tkazishadi.


▪️Svetoforlardagi qizil va sariq ranglar keyinchalik futbol o‘yinlari vaqtida shu ikki rangdagi kartochkalar qo‘llana boshlanishiga sabab bo‘lgan. Ya'ni qizil rang — maydondan chetlatish, sariq — ogohlantirish va yashil rang esa maydonning rangi ya'ni o'yinchi yashil maysa ustida bemalol harakatlansa bo'ladi degan ma'noni anglatadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech