Bugun hech bir narsada taqchillik yo‘q. Bir necha o‘n yillar avval kunduzi chiroq yoqsang topilmaydigan narsalar peshtaxtalarda ko‘zingni quvontirib turibdi. Xohlagan rusumi, rangi, sifati bor. Baʼzida narsalarni ko‘rib, uning nimaga kerakligini bilolmay qolasan, kishi. Biroq bularning hammasiga pul kerak. Hech biri tekin emas. Pulni esa ishlasang topasan.
Afsuski, oramizda o‘zgalar hisobiga yaxshi yashashni, hashamatni xush ko‘radigan, lekin jonini koyitmay pul topishni o‘ylaydigan kimsalar yo‘q emas.
Muzrob (ismlar o‘zgartirilgan) ayni gurkiragan, mehnat qilib tolmaydigan yoshda. Biroq mehnatga bo‘yni yor bermagani, o‘zgalar cho‘ntagiga ko‘z olaytirgani uchun panjara ortida “mehmon” bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan. Bundan o‘ziga yarasha xulosa chiqarib olgandir, desangiz adashasiz.
Taksi to‘xtatgan Muzrob haydovchiga uzoq masofani aytib, ozgina savdolashgan bo‘ldi. Ustaligini qarangki, masofani ham odamini ham to‘g‘ri chamalagan ekan. Bu vaqt oralig‘ida haydovchining ishonchiga kirib ulgurdi va yonidagi 100 AQSH dollarini yo‘lda uchragan bankda almashtirib berish evaziga undan bir million qarz oldi. Omadi chopib, yo‘lda bankning qorasi ham uchramadi. Ukasining ishxonasidan olib berishni vaʼda qilib, ishonchli chiqishi uchun yo‘lda dorixonaga ham kirib chiqdi. Ukasiga mazkur dorilar juda zarur ekanligini, dorilarni topshiradiyu taxt qilib qo‘ygan millionni olib berishini taʼkidlab, manzilni aytdi. Bir idora oldida to‘xtatdi va hozir ukasidan pul olib chiqishini tayinlab, kirib ketdi. Savob qilganidan ko‘ngli ko‘tarilgan haydovchi yarim soat kutdi, bir soat kutdi... Yo‘lovchisiga ishongan haydovchi nafaqat yashash joyi aqalli telefon raqamini ham so‘ramaganini alam bilan esladi. Paymonasi to‘lgan hojatbaror ichkari kirib yo‘lovchisini so‘radi. Eshikboshi qiyofasi taʼriflangan yigit idoraga kirmaganini aytganda, hojatbaror akamiz qay ahvolga tushganini tasavvur qiling.
Bir million pulning achchig‘i uni poytaxt tumanlaridagi ichki ishlar idoralariga yetakladi. Tezkor-tergov guruhi xodimlari kerakli maʼlumotlarni olgach, ishga kirishdilar. Tez orada muqaddam sudlangan, o‘nga yaqin soddadillarni shu yo‘sinda chuv tushirgan Muzrob qo‘lga olindi. Tergov jarayonida Muzrob qilmishidan pushaymon ekanligini, shayton yo‘ldan urganligini aytib, aybini shaytonga yuklamoqchi bo‘ldi. Shubhasizki, bu jinoyati uchun jazo kuchliroq bo‘lib, xulosa chiqarishiga saboq bo‘lsa...
Shu o‘rinda odamlarga – ogoh bo‘ling, har bir kimsaga ishonavermang, deging keladiyu, agar odam odamga ishonmasa, zarur bo‘lganda yordam qo‘lini cho‘zmasa, odamiylik haqida gapirishga hojat bormikan, degan savol qiynaydi!