TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Poytaxt IIBB da “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda bayram tadbirlari keng nishonlanmoqda. Zero, Yurtini himoya qilish, xalq tinchligi va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lini tanlagan har bir shaxs Vatan himoyachisi sanaladi. Sana munosabati bilan Toshkent shahar IIBBDA tashkil etilgan bayramda bosh boshqarma va quyi tizimlar rahbariyati, shaxsiy tarkibi va faxriylar ishtirok etdi. Tadbir boshida jangovor bayroq olib kirilib, yurtimiz madhiyasi yangradi. So‘ng poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov ishtirokchilarga Ichki ishlar vaziri general-leytenant Pulat Bobojonovning ichki ishlar organlari va faxriylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Bosh boshqarma boshlig‘i A.Tashpulatov mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, yurt osoyishtaligini saqlashda kuch tuzilmalarining muhim bo‘g‘inlaridan biri – ichki ishlar organlari xodimlarining vafizasi yuksak ekanligini alohida ta’kidladi. Tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni oliy burchi deb biladigan, barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun yo‘naltirilgan professional tuzilmagan aylanayotganligi e’tirof etildi. Tadbirda Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, shuningdek bosh boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga asosan mukofotlangan xodimlarga idoraviy ko‘krak nishonlari, maxsus unvonlar va faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi. Tadbir so‘ngida Toshkent shahar IIBBning “Nihol” jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar va vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

15 Yanvar 2025 Yil

43

Toshkentda “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligiga start berildi

Toshkent shahrida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jamoat tartibini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tun-u kun xizmat olib bormoqda. Lekin shunga qaramasdan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i yuqoriligi achinarli holatdir. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtda 2024-yil davomida aniqlangan holatlar yuzasidan 3 447 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmog‘i bilan bog‘liq holda sodir etilgan. Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Bu har bir raqam ortida inson taqdiri, fuqarolar sog‘lig‘i, yoshlarning kelajagi yotganligini unutmasligimiz kerak. Toshkent shahrida bu kabi jinoyatlarga keskin kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida, 2025-yilning 15-yanvar kunidan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. 15-fevral kuniga qadar davom etadigan oylik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tun-u kun xizmat tashkil etilib, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Oylik doirasida kuchaytirilgan tartibda tungi reydlar o‘tkazilib, o‘tkir tig‘li va boshqa taqiqlangan buyumlarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish ("zakladchik"), “narkograffiti” bilan shug‘ullanish kabi holatlar aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlanadi. Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Siz ham ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishingizni so‘raymiz. Giyohvandlik moddalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 71-206-44-79 telefon raqamiga yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

15 Yanvar 2025 Yil

116

Tanlovida adashmadi

Kasbga ishtiyoq yoshlikdan boshlanadi. Avval havas bo‘lgan tuyg‘ular agar u mustahkam bo‘lsa, o‘zingiz bilan birga voyaga yetib, maqsadga aylanadi. Hilola Odil aka va Lolaxon opalarning uch farzandi ichida yakkayu yagona qiz bo‘lganligi bois, onasi uning vrach bo‘lishini istagan bo‘lsa, otasi esa uning har bir qaroriga xayrixoh edi. Maktabni a’lo baholarga tamomlagan Hilola Respublika IIV Akademiyasiga hujjatlarini topshirishini aytganida, onasi “bu erkaklarning kasbi, qiz bolaga do‘xtirlik yarashadi”, degan ammo otasi uning tanlovini qo‘llab-quvvatlagan edi. U tergov yo‘nalishini tanladi. Tinglovchilik davrini ortda qoldirib, ilk xizmat faoliyatini 2007-yilda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant unvonida boshladi. Ustozi bo‘lim terovchisi, mayor Husniddin Umirboyev kamtar, o‘ta tortinchoq, jikkakkina, ko‘rinishidan ishonuvchan qizni ko‘rganida: “bundan tergovchi chiqmaydi, sal qattiq gapirsang yig‘lab yuboray deydi-ku, qo‘pol, surbet jinoyatchini qanday so‘roq qiladi”, degan fikrda, unga farzandlariga aliment to‘lashdan qochib yurganlar ishini topshirishni lozim topdi. Biroq Hilolaning farzandlari haqini to‘lamay, o‘zlarini har xil ko‘yga solib – ism-shariflarini o‘zgartirib, qo‘shni davlatlarga chiqib ketib, yashash joylarini yashirib – qochib yurganlarni topib ularni qonunan “tanoblarini tortib” qo‘yayotganini, bolalar haqlarini tiyin-tiyinigacha undirib berayotganini ko‘rgach, fikrini o‘zgartirdi. Tovlamachilik, bosqinchilik va boshqa og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq tergov ishlarini ishonib topshira boshladi. Xizmatga sidqidildan yondashuvi, tergov ishlarini qonundan og‘ishmay yuritishi, to‘g‘ri tasniflashi uning Toshkent shahar IIBB Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida faoliyatini davom ettirishda qo‘l keldi. Bu yerda shahar va viloyat tumanlaridagi ichki ishlar organlari faoliyatidagi ayrim farqlar tezda ko‘zga tashlandi. Ish hajmining ko‘lami, jinoyat turlarining deyarli barchasining shaharda uchrashi, “shaharlashgan jinoyatchi”larning muomalasiga o‘rganish, ko‘nikish lozim edi. Ustozi mayor Shorasul Shonazarov yosh tergovchiga xizmatning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgatish barobarida topshirilgan har bir jinoiy ishlarning shogirdi tomonidan yuritilishini qat’iy nazorat qilib, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini ko‘rsatib bordi. Bugungi kunda poytaxt IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Hilola Amanova haqida boshqarma rahbariyati uning intizomliligi, mehnatsevarligi, shaxsiy tarkibni o‘ziga ergashtira olishi, ishni xizmatga oid buyruq, ko‘rsatma va meyoriy hujjatlar talablari asosida tashkillashtirib, samarali olib borayotganini e’tirof etadi. Shuningdek, u o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar hamda shaxsiy tarkibni o‘qitish, tarbiyalash, kasb va jangovar mahoratlarini oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni unumli tashkillashtirib kelmoqda. Ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqib, podpolkovnik H. Amanova insonning yaxshi-omon bo‘lishi oilaga, undagi tarbiyaga bog‘liqligini ta’kidlaydi. – Hayot faqat xursandchilik va huzur-halovatdan iborat emas. Uning o‘ziga yarasha sinovlari, achchiq va og‘ir mashaqqatlari bor, –deydi lavhamiz qahramoni. – Bunday holatlarda tushkunlik, umidsizlikka tushmaslik, egri yo‘llarni tanlamaslik uchun kasb-hunar egallamoq, bilimli bo‘lmoq, ko‘proq kitob o‘qimoq kerak. Ayniqsa, qiz-ayollar uchun hunar va odob-tarbiya juda zarur. Kuni kecha podpolkovnik H.Amanova O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan sidqidildan, fidoyi mehnatlari uchun Respublika IIV tomonidan II-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Podpolkovnik H.Amanova turmush o‘rtog‘i ichki ishlar xodimi Abrorjon bilan bir qiz va ikki o‘g‘ilni bilimli, yurtimiz, xalqimiz koriga yaraydigan barkamol, sog‘lom fikrli insonlar bo‘lib yetishishi yo‘lida tarbiyalab kelishmoqda. Kun kelib, ular o‘z yutuqlari va yurtimizga munosib xizmatlari bilan ota-onasining yuzini yorug‘, kelajagini saodatli qilishi, shubhasiz.

15 Yanvar 2025 Yil

114

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Bobojonovning bayram tabrigi

Oʻz hayotini el-u yurt osoyishtaligini saqlashdek ulugʻ va oliyjanob ishga bagʻishlagan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlarining barcha xodimlari, harbiy xizmatchilari, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, faxriylar hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida oʻtgan davrda milliy armiyamiz qudratini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, qoʻshinlarning jangovar shayligini kuchaytirish, xodim va harbiy xizmatchilarimizning maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Bu yilgi bayramlar “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori asosida oʻtkazilayotgani ham bejiz emas. Bugungi kunda milliy armiyamiz, xalqimiz tinchligi, davlatimiz mustaqilligi kafolati boʻla oladigan chinakam qalqonga aylandi. Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodimdan, harbiy xizmatchidan yurtga cheksiz sadoqat, xizmat burchiga fidoyilik Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Bobur Mirzo kabi ulugʻ ajdodlarimizga munosib voris boʻlishni, ular oldidagi farzandlik burchini aslo unutmaslikni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shu bois ham har bir xodim avvalo, vatanparvar boʻlishi va sadoqat bilan xizmat qilishi, oʻzining dunyoqarashi, masʼuliyati va tashabbuskorligi bilan egallab turgan lavozimiga munosib boʻlishi, har qanday tahdid va xatarlarni oldindan sezib, ularga qarshi kurashishga doimo shay turishi juda muhim sanaladi. Ishonchim komilki, oʻz kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni chuqur his etgan holda oʻzlarining bor bilim, malaka va kuch-gʻayratini safarbar etib, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchiga doimo munosib boʻladi. Fursatdan foydalanib, barchangizni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash kabi sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin! Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.R. Bobojonov

14 Yanvar 2025 Yil

126

Interaktiv xizmatlar

Text to speech