YPX xodimi egnidagi bodi-kamerani o‘chira olmaydi. Lekin besh daqiqalik istisno bor

Toshkent shahar IIBBda 13-aprel kuni o‘tkazilgan brifingda YPX xodimlariga tarqatilishi kutilayotgan bodi-kamera (body-camera)larning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Toshkent shahar IIBB vakillarining ma’lum qilishicha, YPX xodimlariga xizmatga chiqishdan avval ID biriktirilgan bodi-kameralar beriladi. Ish vaqti tugaganidan so‘ng, xodim bodi-kamerani topshiradi, uning tasvirlari esa serverga joylashtiriladi. Qayd etishlaricha, ehtimoliy nizolarga oydinlik kiritish uchun videoyozuvlar bir oygacha saqlanadi.

YPX xodimi bodi-kamera o‘zi o‘chirib-yoqishi mumkin emas. Xizmat vaqtida xodim o‘z ehtiyojlari uchun faqat besh daqiqagacha videokamerani yechib qo‘yishi mumkin. Agar “tanaffus” besh daqiqadan oshib ketsa, bu haqda avtomatik ravishda markazga xabar jo‘natiladi. Ta’kidlashlaricha, Toshkentda YPX xodimlari “yaqin kunlar ichida” bodi-kameradan foydalanishni boshlaydi.

Avvarloq, 8-apreldan Surxondaryo viloyatida o‘nlab YPX xodimlari sinov tariqasida bodi-kameralar bilan ishlashni boshlagani haqida xabar berilgan edi. Qayd etish joiz, 2019-yil 1-iyuldan boshlab YPX xodimlari bodi-kamerasiz xizmatni olib borishi mumkin emas.

 

Manba: daryo.uz