Toshkent kanallari va ariqlari tartibga keltirilmoqda

Toshkent shahrida kanal va katta ariq bo‘ylarini yillar davomida to‘planib qolgan qurilish va maishiy chiqindilardan tozalash, noqonuniy qurilmalardan xalos etish ishlari davom etmoqda. Bu haqda IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ichki ishlar, FVV, shahar hokimligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari “Obod mahalla” dasturi doirasida birgalikda olib borayotgan hashar ishlari natijasida bugungacha ko‘plab maskanlar obod bo‘ldi.

Jumladan, Sergeli tumanidan oqib o‘tuvchi Nayman kanalining 3 kilometrlik qismida ayni paytda tozalash ishlari qizg‘in davom etmoqda. Erta sahardan kechgacha bu yerda tuman IIO FMB, prokuratura, hokimlik va soliq organlari xodimlari tinimsiz ish olib bormoqda. 5-iyundan boshlab ularga Navoiy viloyat favqulodda vaziyatlar xizmati yordam bermoqda. “Daryobo‘yi” mahallasida esa Nilufar 1- tor ko‘chasi qurilishi boshlangan.

Abay va Bektemir mahallalaridan oqib o‘tuvchi Bektemir kanalini ham bugun tanish oson emas. Hozirda suvning ikki chetidagi noqonuniy qurilma va inshootlar buzilib, obod qilinmoqda. Ichki ishlar xodimlarining hududni obod qilishdagi xizmatlarini kuzatib, shu yerlik aholining ham g‘ayrati jo‘shmoqda. Ko‘pchilik xodimlarga yelkadosh bo‘lib, ushbu xayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

 

 

Manba :Daryo.uz